LGBT faollarini O`zbekiston markaziga chaqirishda ayblangan bloger ustidan sud ishi boshlangani haqida xabar bergan edik.
Toshkent shahar sudining xabar berishicha, bugun 20 yanvar kuni, jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan bloger M. Bazarovga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.
COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan ushbu sud jarayonida PZR-test ma`lumotnomasiga ega bo`lgan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etishi mumkinligi belgilandi.
Sud majlisida davlat ayblovchisi – Mirobod tuman prokurori katta yordamchisi A. Dadajanov, sudlanuvchi M. Bazarov, uninlig himoyachisi S. Mayorov, jabrlanuvchilar Sh. M. , J. S. , A. A. va D. R. ishtirok etdi.
Shuningdek, sud majlisiga sudlanuvchi M. Bazarovning yaqin qarindoshlari, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari hamda PZR-test ma`lumotnomasiga ega bo`lgan boshqa shaxslar kiritildi.
Sud tergovi boshlanishidan avval jabrlanuvchilar tomonidan sud majlisida audio, videoyozuv va fotolardan foydalanilmasligi to`g`risidagi iltimosnoma kiritildi. Mazkur iltimosnoma raislik etuvchi tomonidan qanoatlantirildi. Shu bilan birga sud tomonidan taraflar va sud majlisining boshqa ishtirokchilariga sudning ruxsatisiz sud jarayonini ommaviy axborot vositalarida yoritish mumkin emasligi tushuntirildi.
Bugungi sud majlisi davomida sudlanuvchi va jabrlanuvchilarning ko`rsatmalari tinglandi.
Sud jarayonida tanaffus e`lon qilinib, keyingi sud majlisi 21 yanvar kuni o`tkazilishi belgilandi.






