Sog`liqni saqlash vaziri Behzod Musaev boshchiligida vazirlik mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Farg`ona viloyatidagi davolash muassasalarida bo`lib, hududda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi.
Vazir muloqot avvalida yurtimizdagi epidemiologik vaziyat haqida qisqacha to`xtalib, kasallanishlar soni ortib borayotgani va buning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.
“Hozir har bir bemor nazoratimiz ostida. Ularning sog`ayishi, qolaversa, boshqalarga bu xavfli virus yuqmasligi uchun zarur choralarni ko`ryapmiz. Vaksinasiya — koronavirus infeksiyasi keng tarqalib ketishiga qarshi eng samarali choradir, — dedi u. — Chunki to`liq bosqichda, qolaversa, buster dozada emlanganlarning kasallikka qarshi kurashuvchanlik qobiliyati oshadi. Mamlakatimizga kirib kelgan yangi shtamm haqida to`xtaladigan bo`lsak, u avvalgi variantlarga nisbatan ancha engil o`tmoqda.
Stasionar sharoitda davolanayotgan 90-95 foiz bemorlarda ham o`pkaning nafas olish ko`rsatkichi pasayishi va pnevmoniya belgilari kuzatilmayapti. Eng muhimi, virusga qarshi remdesivir va boshqa dori vositalariga bo`lgan ehtiyoj kamaygan. Shundan kelib chiqib, davolash protokoliga ham o`zgarish kiritdik.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining har bir tuman va shahar bo`limlarida ham har kuni 24 soat davomida bepul PZR-test topshirish sharoiti yaratilgan. Bizda koronavirusga qarshi kurashish borasida tajriba ham, imkoniyat ham etarli.
Uchrashuv davomida koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolashning ahamiyati, afzalliklari xususida ham so`z yuritildi. Shundan so`ng kun tartibidagi asosiy masala — Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan bo`lib o`tadigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayoni haqida fikr almashildi.
Qayd etilganidek, shu kungacha ochiq muloqotga Farg`ona viloyatidan jami 430 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 317 tasi bevosita tibbiyot xodimlariga tegishli.
Vazir yo`llangan har bir murojaat echimi bilan qiziqdi. Soha vakillarining takliflariga quloq tutdi. Sog`liqni saqlash xodimlarining ish sharoitini yaxshilash, bandligini ta`minlash, tibbiyot yo`nalishidagi qurilish-rekonstruksiya ishlarini yakuniga etkazish bilan bog`liq muammoli masalalarni tezkor va joyida hal etish uchun tizim mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berdi.






