18 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko`rib chiqildi.
Yalpi majlis ishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ishtirok etib, deputatlarga mazkur o`zgarishlarning ahamiyati haqida batafsil ma`lumot berdi.
Ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi 2157-modda hamda 24510-modda bilan to`ldirilmoqda.
Xususan, taklif etilayotgan 2157-moddada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risidagi qonunchilikni buzish, jumladan Ochiq ma`lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo`lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlar ro`yxatiga kiritilgan ma`lumotlarni e`lon qilmaslik yoki to`liq e`lon qilmaslik, e`lon qilish muddati va tartibini buzish yoki ma`lumotlarni noto`g`ri ko`rsatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihaga ko`ra, kodeksning 24510-moddasida mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslari tomonidan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuzish hamda sudga taqdim etish vakolatiga egaligi ko`rsatib o`tilmoqda.
Huquqbuzarlik uchun nazarda tutilgan jazo choralari quyidagicha:
1-qismi bo`yicha: mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (810 ming so`mdan 1,3 mln. so`mgacha) miqdorda jarima;
2-qismi bo`yicha: (xuddi shunday huquqbuzarlik 1 yil davomida takroran sodir etilsa) mansabdor shaxslarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1,3 mln. so`mdan 2,7 mln. so`mgacha) miqdorda jarima.
Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga kiritilayotgan mazrkur o`zgarish O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta`minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” PF-6247-son Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
“Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi Qonunning 22-moddasida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo`lishi nazarda tutilgan.
Biroq, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.
Endilikda qonunchilikda mavjud bo`lgan bo`shliq mazkur qonun loyihasi bilan to`ldirilmoqda.
“O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atroflicha ko`rib chiqilganidan so`ng, ikkinchi o`qishda qabul qilindi.






