AsosiyDunyo

Bir hafta ichida dunyoda 18 milliondan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi

'Bir hafta ichida dunyoda 18 milliondan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi'ning rasmi

Kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus shu haqdagi xulosalarini bayon qildi. Uning aytishicha, pandemiya hali tugamaydi. Chunki koronavirusning “omikron” shtammidan so`ng COVID-19ning yangi-yangi mutasiyalari paydo bo`lishi mumkin.

Shuningdek, JSST rahbari fikricha, “omikron” avvalgi mutasiyalarga qaraganda og`ir asoratlarni nisbatan kam keltirib chiqarayotgan bo`lsa-da, uni engil kasallik, deya xotirjamlikka berilmaslik kerak.  

Negaki, bir hafta ichida dunyoda COVID-19ni yuqtirish holatlari  20 foizga oshgan. Ya`ni bu davr ichida 18 milliondan ortiq kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.  

“To`g`ri, o`lim holatlari dinamikasi u qadar tez o`sayotgani yo`q, — dedi T.Gebreyesus. — Ya`ni hafta davomida bu boradagi ko`rsatkich 4 foizga oshib, 45 ming bemor ushbu xastalik tufayli hayotdan ko`z yumdi. Ammo shuning o`zi ham juda katta yo`qotishdir”.  

Jorj Vashington universiteti professori, virusolog Konstantin Chumakovning xulosasiga ko`ra, “omikron” boshqa shtammlardan farqli o`laroq pnevmoniyani keltirib chiqarmaydi.  

“Hozir ko`pchilikda kasallik engil shaklda kechmoqda. Qolaversa, agar ilgari kasallanganlarning 2 foizga yaqini vafot etgan bo`lsa, hozir bu ko`rsatkich 0,1 foiz atrofida”, — deydi virusolog.

Shu bilan birga, Chumakov “omikron” yoshlarda keksalarga qaraganda ancha osonroq o`tayotganini qayd etdi.

Rossiyalik immunolog Nikolay Kryuchkovning xulosalari ham shunga yaqin. U “omikron” shtammi yuqori nafas yo`llarining shilliq pardalari hujayralarida faolroq tarqalishi, shu sababli bu shtammga chalingan bemorlarda kasallik engil kechishini aytdi.  

Immunologning fikricha, yangi variant “delta” bilan solishtirganda yuqori nafas yo`llarining shilliq qavatlari hujayralarida yaxshiroq, o`pkada esa yomonroq ko`payadi. Yapon olimlarining laboratoriya sharoitida o`tkazgan tadqiqotlari natijasi buni tasdiqlaydi.  

    Boshqa yangiliklar