Ijtimoiy tarmoqda fuqaroning YPX xodimi tomonidan majburiy texnik ko`rik bo`yicha rasmiylashtirilgan bayonnomaga e`tirozlari mavjudligi, transport vositasi belgilangan tartibda majburiy texnik ko`rikdan o`tkazilganligi aytilgan video tarqaldi. YHXBB holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi:
2021 yil 14 noyabr kuni YPX xodimi I.Mambetov tomonidan "Mercedes-Benz Vito" rusumli, 01M207EB davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi, 1999 yilda tug`ilgan Sh.A.ga nisbatan transport vositasi majburiy texnik ko`rikdan o`tkazilmaganligi bo`yicha bayonnoma rasmiylashtirilganligi holati yuzasidan xizmat tekshiruvi o`tkazilayotganligi haqida xabar berilgan edi.
Tekshiruv xulosasiga ko`ra, xizmati mobaynida transport vositasi texnik ko`rikdan o`tganligi holatiga to`liq oydinlik kiritmasdan haydovchiga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirgani, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to`g`risida”gi Nizom hamda Ichki ishlar vazirining me`yoriy buyrug`i talablarini buzganligi uchun Toshkent shahar IIBB JXX YHXB YPX xodimi I.Mambetovga nisbatan "Hayfsan" intizomiy jazosi qo`llanilishi, haydovchi Sh.A.ga nisbatan rasmiylashtirilgan bayonnoma O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 271-moddasi 1-qismi (ma`muriy huquqbuzarlik alomati yo`q)ga asosan bekor qilinishi belgilandi.
Shuningdek, xizmati mobaynida Ichki ishlar vazirining me`yoriy buyrug`i talabini buzganligi uchun Toshkent shahar IIBB JXX PPX va JTSB xodimi U.Mahmudovning xatti-harakatlari "Intizomiy kengash"da ko`rib chiqilishi belgilandi.






