Turk qahvasi turk madaniyatining ajralmas qismi bo`lish bilan birga butun dunyo xalqlari tomonidan tan olingan va sevib ichiladigan ichimlik hisoblanadi. Odatda turklar qahvani do`stlar bilan suhbat, tonggi nonushta, kunduzgi taomlanishdan so`ng iste`mol qilishni hush ko`rishadi.
Avtomatik qahva mashinalar tufayli turk qahvasini tayyorlash hozirda juda osonlashgan bo`lsa-da, maxsus mis idishda (jezve), ko`mir olovida tayyorlangan qahvaning ta`mi haqiqatan ham boshqacha. Qahvani Usmonli davlatiga 1543 yilda Yaman hokimi O`zdemir poshsho olib kelgan. Turklar tomonidan ixtiro qilingan yangicha tayyorlash usuli tufayli qahva “turk qahvasi” nomini olgan.
Birinchi marta 1554 yilda Taxtakaleda ochilgan va butun shahar bo`ylab tez tarqalib ketgan qahvaxonalar tufayli jamoatchilik qahva bilan tanishdi. Kunning barcha soatlarida kitoblar o`qiladigan, shaxmat va nard o`ynaladigan, she`r va adabiyot suhbatlari o`tkaziladigan qahvaxonalarda qahva o`sha davr ijtimoiy hayotida o`z izini qoldirdi.
Turklarda qahva ichishning ham o`z odobi bor. Qahvadan oldin egan yoki ichgan narsangizning ta`mi og`zingizda qolsa, sizda qahvadan to`liq bahramand bo`lish imkoniyati bo`lmaydi. Shuning uchun, odatda qahvadan oldin bir necha qultum suv ichiladi.
Shuningdek, turklarda qahva foli ochish ham keng tarqalgan. Qahva bitgach finjon ostida qalin qahva cho`kindisi qoladi va uni likobcha bilan berkitib aylantiriladi. Bir muddat o`tgach og`zi ochilgach, paydo bo`lgan turli shakllar yordamida fol ko`riladi.
Bugungi kunda ham, bo`lajak kuyovning oilasi qizning ota-onasidan uning qo`lini so`raganda, kelin tomonidan kuyovga maxsus tuzli va murchli turk qahvasi tayyorlanadi hamda uni oxirigacha ichilishi so`raladi. Kuyov uni oxirigacha ichishi, qizni chindan sevishini va u uchun hamma narsaga tayyorligini ifodalaydi.






