So`nggi kunlarda butun dunyoda bo`lgani kabi yurtimizda ham koronavirus bilan bog`liq epidemik vaziyat salbiy tomonga o`zgara boshladi. Xususan, oxirgi 4-5 kunda mamlakatimizda kasallanish holatlari soni keskin ortgani, kunlik ko`rsatkichlar 600 tadan oshgani barchani jiddiy tashvishga solmoqda. Qolaversa, bu holat "Tez yordam"ga bo`lgan talab va kunlik chaqiriqlar soni ortishiga ham sabab bo`layotir. Buni “103” xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin.
Raqamlarni tahlil qilsak, 2022 yilning 1-10 yanvar kunlari Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 349 ming 436 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining ko`tarilishi bo`yicha 32 ming 400 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 1338 ta murojaat qayd etildi.
Taqqoslash uchun, 2021 yil dekabr oyi dastlabki o`n kunligida "Tez yordam"ga murojaatlar soni 320 ming 980 tani tashkil qilgan edi.
Shuningdek, yanvar oyining ilk kunlari “103” xizmatiga bir kunda o`rtacha 34 ming 600 ta chaqiriq qabul qilingan bo`lsa, 9-10 yanvar kunlari murojaatlar soni biroz ortib, qariyb 37 mingtaga etdi.
Ta`kidlash lozimki, mana shunday murakkab sharoitda mamlakatimiz tibbiyot xodimlari, xususan, “Tez yordam” xizmati brigadalari xalqimizni koronavirus kasalligidan himoya qilish, aholiga o`z vaqtida sifatli tez tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida tunu kun xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, so`nggi kunlarda poytaxt aholisi orasida COVID-19ga chalinish holatlari soni keskin ortishi natijasida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi brigadalari tig`iz ish sharoitda faoliyat yuritayotir.
— Dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq holat juda tez o`zgarmoqda, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BO`RIBAEV. — Ayniqsa, Omicron shtammi sababli vaziyat ancha murakkab. Buning ustiga yurtimizda ham ushbu xavfli mutasiyaga chalingan ilk bemor qayd etilgani, har birimizdan karantin qoidalariga yanada e`tiborli bo`lishni taqozo etadi.
Afsuski, so`nggi kunlarda Toshkent shahar aholisi orasida COVID-19ga gumon qilingan, kasallik tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga chalingan fuqarolar tomonidan “103” xizmatiga tez-tez murojaatlar bo`lmoqda.
Xususan, joriy yilning 1-10 yanvar kunlari shahar “Tez yordam”ga jami 36 ming 925 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining ko`tarilishi bo`yicha 8636 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 663 nafar bemor murojaat qildi. Shuningdek, jami 5751 nafar bemor gospitalizasiya qilindi.
Ma`lumot uchun aytsak, o`tgan 2021 yilning ayni shu davrida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga kelib tushgan umumiy chaqiriqlar soni 20 ming 869 ta, gospitalizasiya qilingan bemorlar esa 3385 tani tashkil qilgan edi.






