AsosiyJamiyat

Texnikum bitiruvchilari OTMga suhbat asosida o`qishga qabul qilinadigan bo`ldi

'Texnikum bitiruvchilari OTMga suhbat asosida o`qishga qabul qilinadigan bo`ldi'ning rasmi

Hukumat qarori (17-son, 11.01.2022 y.) bilan Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga suhbat asosida o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizom taqdiqlandi. Bu haqda Adliya vaziriligi xabar bermoqda.

Nizom texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni o`z sohasiga mos bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali OTMning 2-bosqichidan o`qishini davom ettirish uchun qabul qilish tartibini belgilaydi.

O`qishga qabul qilish to`lov-kontrakt asosida amalga oshirilib, to`lov miqdori bir talabani o`qitish bilan bog`liq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.

Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun o`qish davrida o`quv semestrlari yakuniga ko`ra o`zlashtirish baholari “5 (a`lo)” va “4 (yaxshi)”, biroq o`zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy ta`lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (a`lo)” bo`lgan bitiruvchilar kiradi.

Nizomga ko`ra, 2021/2022 o`quv yilidan bitiruvchilarni OTM bakalavriat ta`lim yo`nalishiga kirish imtihonlarisiz, suhbat orqali qabul qilish tartibi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yil mobaynida tatbiq etiladi.

Bitiruvchilar har yili 5 iyuldan 25 iyulgacha Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro`yxatdan o`tadi.

Bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlari har yili 5 avgustgacha o`rganib chiqiladi va natijalar bo`yicha abiturientlarning shaxsiy kabineti orqali ularga xabar beriladi.

Suhbat jarayoni to`liq videokuzatuv ostida o`tkaziladi va jarayon ota-onalar, kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga ovozli tarzda onlayn translyasiya qilib boriladi.

Suhbat jarayoni har yili 10 avgustdan 25 avgustgacha, OTM tomonidan belgilangan muddatda o`tkaziladi.

Suhbat o`tkazish muddatlari suhbat jarayonlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin OTMning rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi.

Suhbat jarayoniga jamoatchilik vakillari ham xolis kuzatuvchi sifatida jalb etilishi mumkin.

Belgilangan muddatlarda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu o`quv yili uchun qayta suhbat o`tkazilmaydi.

O`rtacha 67 va undan yuqori ball olgan abiturient suhbatdan o`tgan hisoblanadi.

Suhbatdan o`tganlar ro`yxati shu kunning o`zida abiturientlarga o`qib eshittiriladi.

Talabalikka tavsiya etilganlar shartnoma to`lovi amalga oshirilgandan so`ng 10 kun muddatda o`qishga qabul qilinadi.

Ushbu Nizom oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan ta`lim muassasalariga, Toshkent davlat yuridik universitetiga, O`zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    Boshqa yangiliklar