“O`simliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–743-son, 11.01.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga quyidagi o`zgartirishlar kiritildi:
- o`simliklar karantini ob`ektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini hamda boshqa qoidalarni karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizasiya qilish va yo`q qilish chog`ida buzish – fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha (810 ming so`mgacha), mansabdor shaxslarga 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so`mgacha);
- karantin ostidagi mahsulotlarni O`zbekistonga olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish – fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so`mgacha), mansabdor shaxslarga 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Shuningdek, “O`simliklar karantini to`g`risida”gi Qonunga o`zgartirishlar kiritildi.
Unga ko`ra, fitosanitariyaga oid yuqori xavfga ega bo`lgan karantin ostidagi mahsulotni, shu jumladan ekish, payvandlash, ko`paytirish uchun mo`ljallangan ekish materiallarini xorijiy mamlakatlardan O`zbekistonda yashovchi fuqarolarga pochta va kurerlik jo`natmalarida yuborish, shu jumladan bagajda va qo`l yukida olib o`tish taqiqlanadi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 3 oy o`tgach kuchga kiradi.






