Bu haqda AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
Bug` qozonlari, ko`tarish inshootlari va putur etkazmaydigan nazoratda sanoat xavfsizligi inspeksiyasi mas`ul xodimi Jamshid Usmonov mavzu yuzasidan ma`lumot berdi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan qurilgan 1200 dan ortiq avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) va 800 dan ortiq avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalari (AGQSh) faoliyat ko`rsatmoqda. Shu bilan birga, gaz ballonlarini ishlab chiqaruvchi bir nechta tashkilot mavjud.
Qo`mita tomonidan Gaz ballonlarini sinovdan o`tkazish vakolatini beruvchi 150 ta korxona va tashkilotlarga belgilangan tartibda ruxsatnoma berilgan.
2022 yilga qadar 1 mln 570 mingdan dan ortiq avtotransport vositalarida 2,5 mln dan ortiq metan gaz va 200 000 dan ortiq avtotransport vositalarida suyultirilgan gaz yoqilg`isida ishlashga moslashtirilgan gaz ballonlari o`rnatilgan.
Biroq bugungi kunda yurtimizda ba`zi yuridik va jismoniy shaxslarlar tomonidan sinovdan o`tkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanish holatlari aniqlanmoqda.
Ba`zi avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari tomonidan gaz ballon bilan jihozlangan avtomobillarga me`yoridan ortiq gaz to`ldirish kabi qonunbuzarlik holatlari qayd qilinmoqda.
Buning oqibatida oxirgi besh yil mobaynida avtomobillarga o`rnatilgan ballonlarining portlashi bilan bog`liq 3 ta favqulodda vaziyat sodir bo`lgan. Buning oqibatida 23 ta fuqaro vafot etgan va 20 ta fuqaro og`ir tan jarohatlari olgan.
Tahlillarga ko`ra avtomobil ballonlarining portlashiga quyidagilar sabab bo`lmoqda:
◾️ sifatsiz (metallokompozit) ballonlardan foydalanish;
◾️ ballonlarni ishlab chiqarish jarayonida texnologik kamchiliklar;
◾️ avtomobillarga ballonlarni o`rnatish va sinov ishlarining sifatsizligi;
◾️ avtomobillarga siqilgan gaz quyishda ruxsat etilganidan ortiqcha bosimda gaz quyilishidir.
Aytilgan barcha jarayonlarda inson omili ishtiroki oqibatida yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar va hozirgi holatda bu jarayonlarni doimiy nazorat qilish imkoniyati mavjud emasligi muammoni chuqurlashtirmoqda.






