AsosiyJamiyat

Prezident ta`lim muassasalari agentligiga xorijiy OTMlarga o`qishga kirish uchun talab etiladigan imtihonlarni o`tkazish huquqi berildi

'Prezident ta`lim muassasalari agentligiga xorijiy OTMlarga o`qishga kirish uchun talab etiladigan imtihonlarni o`tkazish huquqi berildi'ning rasmi

Endi xorijiy OTMlarga o`qishga kirish uchun talab etiladigan A-level  imtihonlarini o`tkazish huquqi Prezident ta`lim muassasalari agentligiga berildi. Bu haqda Agentlik Axborot xizmati ma`lum qildi.

Bu esa endi mazkur imtihonlarni O`zbekistonda ham topshirish imkoniyatini beradi. Prezident maktablari A-level  imtihonlarini o`tkazuvchi mamlakatdagi yagona Markaz hisoblanadi.

A-level  sertifikati nima, imtihon topshirish tartiblari va mazkur sertifikatning afzalliklari haqidagi savollar bilan Agentlik Maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i Gavhar Ishimovaga murojaat qildik.

-Avvalo, A-level  qanday sertifikat, imtihon topshirish talablari qanday?

-A-level  sertifikati IELTS, TOEFL va SAT kabi xalqaro sertifikat bo`lib, unda o`quvchi bir vaqtning o`zida 5 tagacha fandan imtihon topshirishi mumkin. Sertifikatda qayd etilgan natija o`quvchining shu fan bo`yicha ko`rsatgichini namoyish etadi va xorijiy OTMlar tomonidan tan olinadi. Shuningdek A level va IGCSE  imtihonlarini topshirish uchun yosh cheklovi, maxsus til bilish sertifikatlari talab etilmaydi.

Bu sertifikat xalqaro miqyosda tan olingan va imtihonlarda A+(a+), A (a), B (b), C (c), D (d) yoki E (e) darajalarini olish mumkin. Bunda A+(a+) - eng yuqori, E (e) - eng past ko`rsatgich hisoblanadi.

Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan kelishuvga ko`ra, Agentlik tizimidagi Prezident maktablariga bu imtihonlarni tashkil etish huquqi berildi. Endi A, AS va IGCSE imtihonlarini tosphirish uchun xorijga borishga zarurat yo`q – imtihonlar Prezident maktablarida o`tkaziladi.  

-  A-level sertifikati talabgorga qanday imtiyozlar taqdim etadi?

A-level  sertifikati dunyoning 95 mamlakatidagi 1750 dan ortiq oliygohlar tomonidan tan olinadi. Bu ro`yxatga TTimes Higher Education  tashkiloti tomonidan TOP 20 talikka kiritilgan barcha universitetlar va Buyuk Britaniyada joylashgan oliygohlarning hammasi kiradi. Mazkur OTMlar orasidan Oksford Universiteti, Manchester Universiteti, Stendford Universiteti, Kembrij va Singapur Milliy Universiteti kabi nufuzli xorijiy ta`lim dargohlari ham o`rin olgan.  

A-level imtihonlarida qayd etilgan natijasiga qarab talabgorning xorijiy OTM ga o`qishga qabul qilinish imkoniyati oshadi. Ba`zi universitetlarda mazkur sertifikatdagi ko`rsatgichi kurs davomiyligi va to`lov-shartnoma miqdorining kamaytirilishi imtiyozini beradi.

A-level  sertifikati O`zbekistonga endi kirib kelayotganini alohida ta`kidlash joiz. Dunyo tajribasida til bilish ko`rsatgichini aniqlovchi xalqaro IELTS, TOEFL  kabi imtihonlar singari, muayyan fan yo`nalishida A-level  imtihonlarini topshirish ham ommalashgan. Hozirda Agentlik tizimidagi Prezident maktablarining barcha o`quvchilari bu sertifikatga ega. Maktablarimizning ilk bitiruvchilari tomonidan qayd etilgan A-level  natijalarini Cambridge Assessment International Education  tashkilotining ta`lim yo`nalishi bo`yicha bosh maslahatchisi Stive King juda yuqori baholagan edi.

-  A-level imtihonlari qay tartibda o`tkaziladi? Bu sertifikat faqat Prezident maktablari o`quvchilari uchunmi?

-  Yo`q, mazkur imtihonlarni Respublikamizdagi barcha ta`lim muassasalari o`quvchilari, shuningdek boshqa istovchilar ham topshirishlari mumkin.

2021/2022-o`quv yilidagi imtihonlarni Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablari o`tkazadi. 2022/2023-o`quv yilidan e`tiboran Respublikamiz hududidagi barcha Prezident maktablari mazkur imtihonlarni o`tkazishi rejalashtirilgan. Bunda Toshkent shahri va hududlardagi Prezident maktablari mazkur sertifikatlar uchun imtihonlarni tashkil etuvchi Test markazlari vazifasini bajaradi.

AS/A level va IGCSE sertifikatlari uchun imtihonlar an`anaviy tarzda yilda ikki marta - oktyabr-noyabr oylarida va may-iyun oylarida bo`lib o`tadi. Kuzgi imtihonlar uchun nomzodlar avgust-sentyabr oylarida, may-iyundagi imtihonlar uchun esa mart-aprel oylarida ro`yxatdan o`tishlari mumkin. Joriy yilning 15-yanvaridan e`tiboran navbatdagi imtihonlar uchun talabgorlar ma`lumotlari yig`ilishi boshlanadi.

Agentlik esa, Cambridge Assessment International Education  bilan hamkorlikda markazlashgan tartibda imtihon jarayonlarini tashkil etadi va jarayonni nazorat qiladi. Imtihon savollari va sertifikat Cambridge Assessment International Education  tomonidan taqdim etiladi.

 

    Boshqa yangiliklar