1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun YHXBda undiriladigan yig`imlar bekor qilindi. Hozirga qadar yangi avtomobil xarid qilinganda shartnoma narxining 3 foizi miqdorida yig`im to`lanardi.
2022 yil 1 yanvardan kuchga kirgan «2022 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida»gi qonunda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig`im nazarda tutilmagan. Bundan kelib chiqadiki, 2022 yil davomida bunday yig`im undirilmaydi.
Shu vaqtgacha yangi (foydalanishda bo`lmagan) avtotransport vositalari bo`yicha xarid qilish narxining 3 foizi miqdorida yig`im undirilar edi (masalan, 100 million so`mlik mashina uchun 3 million so`m, 300 million so`mlik bo`lsa, 9 million so`m).
Ikkilamchi bozordan mashina xarid qilinganda esa ishlab chiqarilgan yiliga qarab, har bir ot kuchi uchun 29,7 ming so`mgacha yig`im undirilgan. Masalan, ishlab chiqarilganiga 3 yil to`lmagan 100 ot kuchiga teng mashinani sotib olganlik uchun deyarli 3 million so`m yig`im to`lanardi.
Endi shu yig`imlar 1 yanvardan to`liq bekor qilindi.






