AsosiyJamiyat

Jizzaxdagi zovurdan yoqib yuborilgan holda topilgan mashina ichidan murda chiqdi (video)

'Jizzaxdagi zovurdan yoqib yuborilgan holda topilgan mashina ichidan murda chiqdi (video)'ning rasmi

Jizzax viloyati G`allaorol tumanidagi zovurdan yoqib yuborilgan Spark mashinasi topilgan. Uning ichida murda ham bo`lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 28 dekabr kuni soat 9:30 larda  G`allaorol tumani Mirzabuloq qishloq fuqarolar yig`iniga qarashli Nayman qishlog`ida yashovchi fuqaro shu hududdagi fermer xo`jaligiga tegishli dala maydoni chetidagi zovur ichida yonib ketgan Spark mashinasini ko`rib qolgan.

Fuqaro bu haqda ichki ishlar organlariga xabar bergan. Shundan so`ng, voqea joyiga viloyat prokuraturasi va viloyat IIB xodimlaridan iborat tezkor guruh etib borgan. Mashina ko`zdan kechirilganda uning ichidan kuyib ketgan murda ham topilgan. Shuningdek, mashinaning davlat raqami ham bo`lmagan.

Mashina kuzovining raqami orqali uning egasi tekshirib ko`rilganda Spark Samarqand shahar Zarafshon mahallasida yashovchi shaxs ekani ma`lum bo`lgan.

IIB xodimlari mashina egasining uyiga borib, uning yaqinlaridan ko`rsatma olganda, ular yigitning bir kun avval uydan chiqib ketib, qaytib kelmaganini bildirishgan. O`tkazilgan tibbiy ekspertizada kuyib ketgan jasad mashina egasiniki ekani aniqlangan.

Tezkor qidiruv harakatlari natijasida, Jomboy tumani “Beshsayid” MFYda yashovchi uch nafar shaxs marhumni giyohvand moddalar bilan ta`minlab kelgani aniqangan va ular ushlangan.

Dastlabki tergov-surishtiruv davomida aniqlanishicha, marhum 28 dekabr kuni Jomboyga borgan. Giyohvand modda sotuvchilar qarzi borligi uchun unga giyohvand modda berishmagan. Shundan so`ng marhum IIB xodimlariga borib, xabar berishini aytganda giyohfurushlar uni o`ldirishgan va G`allaorolga olib borib yoqib yuborishgan.

    Boshqa yangiliklar