Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati O`zbekistonda tuxum eksporti uchun vaqtinchalik cheklov joriy etilganini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, 2021 yilning sentyabr-dekabr oylarida respublika bo`yicha tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda esa 20-22 foizgacha qimmatlashdi. Yilning qish mavsumida ushbu mahsulot narxiga qo`shimcha bosim yuzaga kela boshlaydi.
Tuxum narxining oshishiga qish oylarida isitish xarajatlari oshishi va parrandachilik xo`jaliklarida kasalliklarning avj olishi, tuxum berishga moslashgan tovuqlarning mavsumiy yangilanishi, ozuqa mahsulotlarining qimmatlashishi hamda kuz mavsumidan boshlab ushbu mahsulotga talabning ortib borishi(boshqa oylarga nisbatan 20-30 foizga oshadi) ta`sir ko`rsatdi.
Bundan tashqari parrandachilik xo`jaliklarida ozuqa bazasining etishmasligi bilan bog`liq muammolar sababli ko`plab xo`jaliklardagi parrandalar soni umumiy hisobda 1 milliondan ortiq miqdorga kamaygan.
Global pandemiyaning davom etayotganligini, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining aholining xarid qobiliyatiga ta`sirining yuqoriligi, shuningdek, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta`minlashning muhimligini inobatga olgan holda tuxum eksportiga nisbatan kiritilgan cheklov vaqtinchalik chora bo`lib hisoblanadi.
Shu bilan birga, vazirlik iqtisodiyotda to`liq bozor mexanizmlarini joriy qilish, tadbirkorlik sub`ektlari uchun cheklovlarni keskin kamaytirish bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni to`liq qo`llab-quvvatlaydi va bu vazirlik faoliyatining asosiy yo`nalishi hisoblanadi.






