O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan kecha 2022 yil 6 yanvar kuni, oliy va professional ta`lim muassasalari, akademik liseylar talaba-o`quvchilarining qishki ta`til muddati ikki haftaga uzaytirilishi to`g`risida e`lon qilindi.
️Shu bilan birga, talaba va o`quvchilarning o`z uylaridan ta`lim muassasalariga qaytishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia va poezd chiptalariga 50 foizlik chegirma muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirilgani ham ta`kidlandi. Shu munosabat bilan “O`ztemiryo`lyo`lovchi” AJ kecha, ya`ni 2022 yil 6 yanvar kuni, talabalar tomonidan sotib olingan chiptalarni almashtirish tizimi 2022 yil 7 yanvardan boshlab joriy etilishi to`g`risida ma`lum qilindi.
Bugun esa, ko`plab hududiy temir yo`l kassalarida xarid qilingan chiptalarni almashtirmoqchi bo`lgan talaba-o`quvchilarning gavjum holati kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan “O`ztemiryo`lyo`lovchi” AJ rahbariyati murojaat bilan chiqdi.
Murojaatda oliy va professional ta`lim muassasalari, akademik liseylar talaba-o`quvchilaridan barcha hududiy temir yo`l kassalariga murojaat qilishda karantin talab va me`yorlariga rioya etishlari so`ralmoqda.
Eslatib o`tamiz, respublikamizdagi barcha temir yo`l kassalari kechayu kunduz ishlaydi va chiptalar hech qanday qo`shimcha to`lovlarsiz almashtiriladi. Xarid qilingan barcha chiptalar almashtirilib, hech kim joysiz qolmaydi, chunki barcha poezdlarda chiptalarni qayta rasmiylashtirish uchun kerakli miqdordagi o`rindiqlar mavjud. Bundan tashqari, zaruriy chora sifatida qo`shimcha poezdlar yo`lga qo`yiladi!"






