Hukumat qarori bilan Fuqarolarning xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuborish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi
Ma`muriy reglamentga ko`ra, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun fuqarolar arizani o`z xohishiga ko`ra quyidagilardan biriga berishi mumkin:
● IIVning migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalariga kelgan holda;
● davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda;
● Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali.
Ariza berishda so`rovnoma to`ldiriladi, so`rovnomada xato ma`lumotlar ko`rsatilganda yoki hujjatlar to`liq bo`lmaganida, kamchiliklarni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga 5 ish kuni beriladi, xatolar bartaraf etilmasa so`rovnoma rad etiladi.
Fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun 3 ish kunida davlat bojini to`laydi.
Ariza beruvchi arizasi qabul qilinganligi va fotosuratga tushish hamda qo`l barmoq elektron izlarini olish uchun kelish kuni haqida 1 ish kunida xabardor qilinadi.
Xorijga chiqish biometrik pasporti 10 ish kunida beriladi.






