Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish bo`yicha respublika ishchi guruhlari tashkil etiladi. Ikki shahar chegaralarini o`zgartirish masalasi xalq deputatlari mahalliy kengashlarida ko`rib chiqiladi. Shuningdek, chegaralarni o`zgartirish bo`yicha Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qarorlari ishlab chiqiladi. Bu 2022–2026 yillarga mo`ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” loyihasida belgilangan.
Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida urbanizasiya darajasini yanada yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Bunda:
- 12 ta shahar, 117 ta shaharcha va 1041 ta qishloq aholi punktlarini inventarizasiyadan o`tkazish;
- 2 ta katta, 1 ta o`rta va 9 ta shahar joylashuvlarini tahlil qilish va iqtisodiy jihatdan bunday holat qanchalik iqtisodiy taraqqiyotga muvofiqligini o`rganish;
- Qarshi shahri atrofidagi aholisi 5 500 kishidan ortiq bo`lgan qishloq aholi punktlari (Qozikent, Uzunnavo, To`qmang`it) urbanizasiya jarayonlarini yanada jadallashtirish va ularni Qarshi shahriga qo`shish muvofiqligini o`rganish;
- Kitob shahri atrofidagi aholisi 4200 dan ziyod bo`lgan qishloq aholi punktlarida (Minglar, Gulgunpo`sht, Jarqo`rg`on) urbanizasiya jarayonlarini yanada jadallashtirish va ularga shahar maqomini berish bo`yicha ishlar olib borish;
- aglomerasiya va ichki migrasiya jarayonlarini hisobga olgan holda aholisi 1,43 mlndan ziyod bo`lgan shahar aholi punktlarining ixchamligini va qulay joylashuvini ta`minlash bo`yicha ishlar olib borish.






