2021 yilning 31 dekabr kuni Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida qurilgan, quvvati 270 MVt bo`lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Hozirda mazkur stansiyani O`zbekistonning yagona elektr tarmog`iga ulash bo`yicha ishlar jadallashtirilmoqda. Stansiya yaqin 2-3 kun ichida tarmoqqa quvvat uzatishni boshlaydi.
Ushbu issiqlik elektr stansiyasi Buxoro viloyatida birinchisi hisoblanadi. Stansiya yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Loyiha qurilmalarining foydali ish koefisientining yuqoriligi hisobiga yillik 260 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gazga qo`shimcha 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi, buning natijasida (ushbu 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi bilan) 450 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta`minlanadi.
Qurilish davomida 500 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritgan bo`lsa, loyiha ishga tushishi natijasida, tumanda 100 nafar yangi ish o`rni yaratildi.
Eslatib o`tamiz, ushbu investisiya loyihasi Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi PQ-5018-son qaroriga muvofiq davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirildi.






