Samarqandda uch kun avval foydalanishga topshirilgan 143 mlrd. so`mlik tunneldan suv sizib chiqayotgani aks etgan video haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu video keng muhokamalarga sabab bo`lgach, Samarqand viloyati "1-Ko`prik qurilish otryadi" direktor o`rinbosari Azimbek Mirzaev holat bo`yicha munosabat bildirdi.
Samarqand shahrining Bo`stonsaroy va Ro`dakiy ko`chalari kesishmasidagi tonnel tipidagi yo`l o`tkazgichda kuzatilgan suv o`tish holatiga "Ko`prikqurilish" Tresti UK ham izoh berdi.
Ta`kidlanishicha, mazkur yo`l o`tkazgich qurilishida loyihaga ko`ra asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlanib, Samarqand shahri aholisiga yangi yil bayram tadbirlari davrida tirbandlikni oldini olish va transport vositalari harakatlanishiga qulaylik yaratish maqsadida yo`llar ochib berilgan bo`lib, obodonlashtirish va suv qochirish, irrigasiya tarmoqlarida hali qurilish ishlari davom ettirilayotgan bo`lgan.
- Tonnel qismining devorlaridan suv o`tish holati hali qurilish ishlari davom ettirilayotgan suv qochirish-irrigasiya tizimidagi lotoklarga har xil turdagi tiqilishlar oqibatida yuzaga kelgan.
Ta`kidlash joizki, tonnel devorlariga o`rnatilgan plitalar “quruq montaj” usulida ishlangan bo`lib, ularning orasidan suv o`tishi yo`l o`tkazgichning konstruktiv elementlari mustahkamligiga salbiy ta`sir etmaydi.
Loyiha echimiga ko`ra ushbu transport echimi qurilishi doirasida yomg`ir suvlarini qochirish uchun nasoslar o`rnatilishi va oraliq qurilmalar tutashish joyida asfalt qoplamasini kesib, deformasion choklar o`rnatilishi ko`zda tutilgan. Yaqin kunlarda qayd etilgan ishlar to`liq yakunlanib, yuzaga kelgan noxush holatlar bartaraf etiladi, - deyiladi izohda.






