AsosiyJamiyat

"Hatto signali ham ishlamaydi" — tez yordam shifokorlari yo`llagan abgor mashina haqidagi shikoyatga SSV izoh berdi

'"Hatto signali ham ishlamaydi" — tez yordam shifokorlari yo`llagan abgor mashina haqidagi shikoyatga SSV izoh berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo`l tumani tez tibbiy yordam stansiyasi shifokorlarining shikoyatlari aks etgan video tarqaldi. Unda ikki shifokor ayol tez yordam “Damas”ining abgor ahvolini ko`rsatib bergani aks etadi.

“Biz tez yordam xalqqa foydamiz tegsin, odamlar shifo topsin, deb harakat qilyapmiz. Lekin tepadagi Sog`liqni saqlash vazirligidagilar, avtomobil bo`yicha mas`ullar bizni ham tushunsa bo`lardi. Bemorlar uchun dori-darmonlarimiz etarli, lekin mashina tomondan juda qiynalyapmiz.

Kecha bir bemor mashinada klinik o`lim holatiga tushdi. Lekin yo`llar tirband, avtomobilning na migalkasi bor, na signalizasiyasi ishlaydi. Hatto signal ham ishlamaydi, rasiya yo`q. Hech kim yo`l bermaydi! Endi boshimizni derazadan chiqarib “yo`l bering” deb baqirib keta olmaymiz-ku?!

Mashinaning orqasiga kimnidir o`tqizadigan bo`lsak, eshigi qulflanmaydi. Bemorning o`zi ham tushib qolishi mumkin. Kim o`z yaqinini shu mashinaga ortishni xohlaydi?!” – deydi shifokorlardan biri.

Ikkinchi shifokor ham shu “Damas”da bemor klinik o`lim holatiga tushganini va qiyin ahvolda qolganini bildirgan. Sog`liqni saqlash vazirining matbuot kotibi Furqat Sanaev holat yuzasidan izoh berdi.

“Shifokorlarimizning e`tirozlari o`rinli, shu sababli ushbu murojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kunning o`zidayoq, Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holatni darhol nazoratga oldi.

Aniqlanishicha, chindan ham Yangiyo`l tuman tez tibbiy yordam bo`limining davlat raqami 10 236 DAA bo`lgan “Damas” rusumli tez tibbiy yordam avtomashinasi eskirib, yaroqsiz holga kelgan. Xususan, o`rganish davomida avtotransport vositasining orqa eshigi yaxshi yopilmasligi, ovoz chiqaruvchi (sirena-signal) moslamasi hamda ogohlantiruvchi chiroq (migalka)lari ishlamasligi ma`lum bo`ldi. Shu sababli texnik nosoz tez tibbiy yordam avtomashinasi zaxiraga olinib, texnik soz holatdagi avtomashina bilan almashtirildi.

Shuningdek, Toshkent viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasining ixtisoslashtirilgan avtobazasiga qarashli Yangiyo`l tuman filiali bo`limi mexanigi R.N. o`z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun lavozimidan ozod etildi”, – dedi F.Sanaev.

Shuningdek, o`tgan 2020 yilda Toshkent shahar “Tez yordam” stansiyasiga 150 dona “Ford” rusumli reanimasion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan avtomashinalar xarid qilingan.

    Boshqa yangiliklar