AsosiyJamiyat

Sovuq boshlandi: eski muammo yana takrorlanadimi?

'Sovuq boshlandi: eski muammo yana takrorlanadimi?'ning rasmi

O`zbekistonda sovuq boshlandi, darhaqiqat, mavsum bilan bog`liq muammolarimiz ham. Xususan, Samarqand viloyati Narpay tumanida bir oilaning 4 nafar a`zosi is gazidan vafot etdi. Mazkur mudhish hodisa haqidagi ma`lumotlarni nashrimizga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi. 

YaShASh XONADONIDA ER-XOTIN VA BOLALARNING MURDASI 

2021 yil 22 oktyabr kuni soat 12:30 larda Narpay tumani, Narpay mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug`ilgan fuqaro J.S., uning turmush o`rtog`i, 1987 yilda tug`ilgan Sh.Z. va 2 nafar voyaga etmagan farzandlari — 2012 yilda tug`ilgan M.X. hamda 2018 yilda tug`ilgan J.X.ning murdasi yashash uyida is gazidan zaharlangan holda tan jarohatlarisiz topilgan.

Hodisa joyini ko`zdan kechirishda marhumlar yotgan xonada qo`l bola usulda yasalgan, tabiiy gaz tarmog`iga ulangan isitish pechi mavjud bo`lib, mazkur pechning dud-bo`ronida qushlar in qurganligi natijasida xas-xashaklar bilan to`lib qolganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan o`sha kunning o`zida tuman prokuraturasi tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

IS GAZINING FOJIALARIGA NIMA SABAB BO`LMOQDA?

Ma`lumotlarga ko`ra, is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, ko`p uchraydigan zaharli birikma tabiiy gaz, yoqilg`i, ko`mir, o`tin cho`g`lari to`liq yonmasligi, chala yonishi oqibatida vujudga keladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida 50-60% gacha is gazi bo`ladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, is gazi bilan bog`liq baxtsiz hodisa sabablari o`rganilganda, ayrim xonadonlardagi gaz plitasi,  isitish pechi, isitish qozoni dudburonlarining (mo`risi) noto`g`ri o`rnatilishi yoki yoz paytida ichiga qushlarning in qurishi, dudburon xas-xashak va qushlarning pati bilan to`lib qolishi oqibatida tortish kuchini yo`qotishi sabab bo`layotganligi aniqlanmoqda. 

ZAHARLANISh BELGILARI QANDAY?

Ma`lumotlarga ko`ra, dunyoda is gazidan zaharlanish tufayli sodir bo`ladigan o`lim holatlari alkogoldan zaharlanish sababli kuzatiladigan o`limlardan keyin ikkinchi o`rinda turadi. Birgina AQShda har yili o`rtacha 400 nafarga yaqin inson ushbu gazdan zaharlanish oqibatida vafot etadi. Shu o`rinda savol tug`iladi: xo`sh, is gazi o`zi nima? U qanday hosil bo`ladi? Is gazidan zaharlanganda insonda qanday belgilar kuzatiladi?

Doniyor ALIMOV, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori:

— Is gazi juda “ayyor” – u asosan tabiiy gaz, ko`mir, o`tin cho`g`larining to`liq yonmasligi natijasida hosil bo`ladi. Uning eng xavfli jihati hech qanday hid va rangga ega emasligidadir. Shu bois ham, mutaxassislar is gaziga “sezdirmasdan o`ldiruvchi” deya ta`rif berishadi.

Ushbu gaz organizmga nafas a`zolari orqali ta`sir etib, gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Buning oqibatida gemoglobinning to`qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiya, og`ir xolatlarda esa anoksiyaga olib keladi. Hatto, zaharlanish oqibatida o`lim holatlari kuzatilishi mumkin.

MA`LUMOT UChUN: 2020 yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari orqali 633 nafar bemor gospitalizasiya qilinib, shundan 14 nafar bemorda o`lim holati kuzatilgan. Bu ko`rsatkichga uyida, ya`ni voqea joyida vafot etganlar soni qiritilmagan.

QANDAY BELGILAR NAMOYoN BO`LADI?

— Agar odam ushbu gazdan kuchli zaharlangan bo`lsa, unda hushning yo`qolishi, turli xil tutqanoqlar va nafas to`xtashi kabi belgilar kuzatiladi. Is gazi konsentrasiyasi kam miqdorda bo`lganda mushaklar bo`shashishi, bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, ko`ngil aynish, qusish, uyquchanlik, harakatlarning qisqa muddatga faollashishi, keyinchalik harakat muvozanatlarining izdan chiqishi ro`y berishi mumkin. Ayrim hollarda esa alahsirash, gallyusinasiyalar, hushning yo`qolishi, tutqanoqlar, koma, nafas markazining falajlanishi, hatto, o`lim holati sodir bo`ladi. Is gazi bilan zaharlangan kishini zudlik bilan toza havoga olib chiqish, nafas olishi to`xtab qolganda sun`iy nafas berish lozim. 

DIQQAT! Nafas to`xtaganidan keyin ham yurak faoliyati biroz davom etishi mumkin. Ba`zida zaharlanishdan 2-3 hafta o`tib ham bemorlarning vafot etish holatlari qayd etilgan. 

Farida EGAMBERDIEVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar