Hukumat qarori (667-son, 02.11.2021 y.) bilan O`zbekistonning Rossiya Federasiyasidagi konsullik muassasalarida O`zbekiston Respublikasining eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish tartibi bo`yicha vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vaziriligi ma`lum qilmoqda.
Nizomga ko`ra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi konsullik muassasasi orqali Ichki ishlar vazirligining Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (IIV YHXBB) tomonidan rasmiylashtiriladi.
Talabgor eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun konsullik muassasasiga ariza bilan shaxsan murojaat qiladi.
Konsullik muassasasi talabgor nomidan so`rovnomani to`ldirib, 1 ish kunida IIV YHXBBga yuboradi.
Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi taqdim etilgan ma`lumotnomani ko`rib chiqib, 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi hamda uni Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentiga (TIV KHD) yuboradi.
Shunga ko`ra, TIV KHD haydovchilik guvohnomasini konsullik muassasasiga diplomatik pochta orqali taqdim etadi.
Konsullik muassasasi 1 ish kunida yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini egasiga beradi yoki asoslangan sabablarga ko`ra uni rad etadi.
Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirish uchun quyidagilar undiriladi:
- BHMning 70 foizi miqdorida to`lov;
- 20 AQSh dollari miqdorida konsullik yig`imi;
- 20 AQSh dollari miqdorida haqiqiy xarajatlarning o`rnini qoplash uchun yig`im.






