AsosiyJamiyat

Sodiq Safoev Yaponiya imperatori ordeni bilan mukofotlandi

'Sodiq Safoev Yaponiya imperatori ordeni bilan mukofotlandi'ning rasmi

Yaponiyaning O`zbekiston Respublikasidagi elchixonasidan xabar qilishlaricha, 2021 yil 3 noyabr kuni Yaponiya hukumati 2021 yilning kuzida imperator ordeni bilan mukofotlangan chet ellik fuqarolar ro`yxatini e`lon qildi. Ushbu ro`yxatga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev ham kiritilgan.

“Yaponiya bilan O`zbekiston o`rtasida do`stlik munosabatlarini ilgari surish va ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishda ko`p yillik xizmatlari uchun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Solihovich Safoev Yaponiyaning “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” (Grand Cordon of the Order of the Rising Sun) bilan mukofotlanadi”, – deyiladi jumladan xabarda.

“Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” faqat ulkan natijalarga erishgan shaxslarga beriladigan Oliy mukofot hisoblanadi va u birinchi bor O`zbekistonda berilmoqda.  

Sodiq Safoev haqida qisqacha ma`lumot:  Sodiq Solihovich Safoev  Yaponiya bilan Markaziy Osiyo o`rtasida muhim platforma hisoblangan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti yo`lga qo`yilgan paytida Tashqi ishlar vaziri edi. U ko`p yillar davomida Yaponiya bilan O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, shuningdek, mazkur muloqotni rivojlantirishga hissa qo`shib keldi.  

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o`rinbosari hamda “Oliy Majlis – Yaponiya Parlamenti” parlamentlararo guruhiga raislik qilgan paytda u ikki mamlakat parlamentlari almashinuvlarini rivojlantirishga hissa qo`shdi va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil Yaponiyaga rasmiy tashrifi muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim rol o`ynadi.

    Boshqa yangiliklar