AsosiySiyosat

O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori ShHT 2021 sammiti yakunlariga bag`ishlangan yig`ilishda ishtirok etdi

'O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori ShHT 2021 sammiti yakunlariga bag`ishlangan yig`ilishda ishtirok etdi'ning rasmi

Tojikistonning ShHTga raisligi yakunlari va tashkilotning rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi

O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov ShHT 2021 sammiti yakunlariga bag`ishlangan “ShHT 2021 sammiti: Tojikiston Respublikasi raisligi yakunlari va tashkilotni yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi. Tadbir 2021 yilning 2 noyabr kuni Dushanbe shahrida bo`lib o`tdi va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasi ko`magida Tojikistondagi ShHT Do`stlik va hamkorlik markazi tomonidan tashkil etildi.

Ushbu tadbirdan maqsad ShHTning yubiley yili yakunlarini umumlashtirish, Markaz sheriklari bilan hamkorlik, Sammitda qabul qilingan hujjatlar to`plami va ShHTga a`zo davlatlarning yangi tashabbuslarini tahlil qilish, shuningdek, xalq diplomatiyasi institutlarining tashkilotni rivojlantirishdagi, jumladan, ShHTning yigirma yilligi Dushanbe Deklarasiyasi tamoyillarini amalga oshirishdagiko`magi yuzasidan fikr almashishdan iborat bo`ldi.

Tadbirda ShHTning Bosh kotibi, Xitoy ShHTning yaxshi qo`shnichilik, Do`stlik va hamkorlik qo`mitasi Bosh kotibi, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari, "SCOLARNetwork" ShHTdavlatlari yoshlar platformasi vakillari, Rossiya, Xitoyning etakchi ekspertlari va boshqalar ishtirok etishdi.

ShHTning bosh kotibi Vladimir Norov konferensiya ishtirokchilariga murojaatida Tojikiston raisligining ustuvor vazifalari doirasida, koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq murakkab sharoitlarga qaramay, mamlakatlarimiz tashqi siyosatini muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish, qo`shma hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, ShHTning xalqaro nufuzini mustahkamlash bo`yicha izchil yo`l tutilganini ta`kidladi. Ushbu murakkab davrda Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta`minlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga muhim e`tibor qaratgani qayd etildi. V.Norov ShHTda Tojikistonning raisligi yuqori darajada o`tganligini qayd etib, O`zbekiston Respublikasiga ushbu sharafli va mas`uliyatli vazifani bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotiningXalq diplomatiyasi markazi direktori Q.Sobirov ShHTning Dushanbe sammiti Tashkilot tarixida yangi sahifa ochganini, bu - imzolangan ulkan hujjatlar to`plami, jumladan, “ShHT oilasi”ni kengaytirish yo`lidagi kelishuvlar bilan tasdiqlanganini ta`kidladi. Bu Eronning tashkilotga to`la huquqli a`zosi sifatida qabul qilinishi prosedurasini boshlash, shuningdek, Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo`yichahamkor maqomini berish bo`yicha muhim qarordir. Shunday qilib, “ShHT oilasi” sezilarli darajada kengaydi va endi u 21 davlatni o`z ichiga oladi, bu esa Tashkilotning ochiqlik tamoyiliga qat`iy amal qilish niyatini yaqqol tasdiqlaydi. Q.Sobirov O`zbekistonning ShHTga raisligining ustuvor yo`nalishlarini ta`kidlab, davlatimiz rahbari, O`zbekiston Prezidentining tashabbuslari, jumladan, “ShHTningezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish to`g`risidagi taklifi bilan konferensiya qatnashchilarini batafsil tanishtirdi.

Tojikistonning ShHTda raisligining samarali amalga oshirilgan ustuvor yo`nalishlari doirasida, ayniqsa, 2021 yilning fevral oyida Dushanbe shahrida Tojikiston Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasida ShHT Do`stlik va hamkorlik markazining ochilishini alohida ta`kidlash zarur. Tojikiston rahbarining ushbu tashabbusi ShHT tashkil etilganligining yubiley yilida muhim voqea bo`ldi va ushbu mamlakatning a`zo davlatlar o`rtasidagi do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, “Shanxay ruhi”ni yanada rivojlantirish, tinchlik, barqarorlik va mintaqaviy xavfsizlikni saqlashga qo`shgan salmoqli hissasi bo`ldi.

Hozirda O`zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi va Tojikistondagi ShHT Do`stlik va hamkorlik markazi o`rtasidagi hamkorlik aloqalari 2021 yilning aprel oyida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida olib borilmoqda.

Q.Sobirovning Dushanbega tashrifi chog`ida bir qator qo`shma loyihalar, jumladan, ShHT Modeli loyihasini amalga oshirish, qo`shma konferensiya va forumlar o`tkazish, shuningdek, ikki mamlakat tarixi va madaniyati bilan tanishish uchun birgalikda kitoblar nashr etish batafsil muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi dolzarb masalalar bo`yicha qo`shma ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

O`tgan yillar mobaynida ShHT jahon siyosatining muhim sub`ektiga aylandi, nufuzli xalqaro tuzilmalar orasida o`zining munosib o`rnini egalladi. “Shanxay ruhi” tamoyillariga asoslangan mintaqaviy hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. Dushanbeda o`tgan bu tadbir buning yana bir yorqin dalili bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar