Janubiy Koreyada yovvoyi qushlar orasida parranda grippi tarqalishi aniqlandi. Bu holat mamlakatdagi parrandachilik fermalarini yuqtirish xavfini tug`dirmoqda, deb xabar bermoqda Yonhap.
Janubiy Koreya Qishloq xo`jaligi vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, so`nggi holat Janubiy Chxunchxon provinsiyasining markaziy Chxonan shahrida qayd etilgan. Bu joriy yilning 30 martidan beri parranda grippi bilan bog`liq birinchi holat.
Vazirlik ogohlantirish darajasini yuqori qizil belgiga ko`tardi va karantin hamda xavfsizlik choralarini joriy qildi. Kasallangan hudud 500 metr radiusda o`rab olindi, yaqin atrofdagi fermer xo`jaliklariga kirish 21 kunga cheklandi.
"Bu joriy mavsumda tasdiqlangan birinchi holat. Antivirus choralariga qat`iy rioya qilish kerak", dedi vazirlik vakili.






