Jizzax shahrida 2003 yilda tug`ilgan yigit mast holda Lacetti mashinasini o`g`irlab, yo`l-transport hodisasi sodir etdi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Jizzax shahri «Qassoblik» mahallasida yashovchi 18 yoshli yigit 1 noyabr kuni soat tungi 3:00 atrofida mahalla hududidan Lacetti mashinasini o`g`irlab ketgan.
Yigit spirtli ichimlik ta`sirida bo`lgani va o`z xatti-harakatini nazorat qila olmay, mashinaning yon oynasini sindirib, olib qochgani aniqlangan.
Ta`kidlanishicha, oradan ko`p vaqt o`tmay yigit mast holatda Sharof Rashidov ko`chasida yo`lni ajratuvchi beton to`siqqa urilib, YTH sodir etgan. YTH paytida voqea joyiga kelgan yo`l-patrul xizmati inspektori mashina salonida 2 nafar yo`lovchi borligini aniqlagan. Hozirda yo`lovchilar shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.
Olib qochilgan mashina Baxmal tumani Tongotar qishlog`ida yashovchi 1993 yilda tug`ilgan fuqaroga tegishliligi ma`lum bo`lgan. Holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






