Ijtimoiy tarmoqlarda tug`ruqdan keyingi ona o`limi haqidagi habar sog`liqni saqlash vazirga etib borishiga go`yoki uning o`rinbosari to`sqinlik qilgani haqida ma`lumotlar tarqaldi.
Vazir o`rinbosari Elmira Basitxanova vaziyatga izoh berib, holat noto`g`ri talqin qilinayotganini aytdi.
Ta`kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda cog`liqni saqlash vaziriga yuborilgan xat uning o`rinbosari tomonidan to`xtatib qolingani aytilgan.
Ma`lumotga ko`ra, xatda 2021 yilning 17 may kuni Toshkent viloyati ko`p tarmoqli shifoxonasida 23 yoshli homilador ayol vafot etgani, ayolning o`limiga tug`ruqdan keyingi o`tkir yurak va buyrak-jigar etishmovchiligi hamda boshqa bir nechta omillar sabab bo`lgani aytilgan.
SSVning Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi yozgan xatga vazir o`rinbosari Elmira Basitxanovaning imzosi bilan javob yozilgan bo`lib, javobda xatni vazirga kiritmaslik va bosh akusher-ginekolog hamda 2 nafar professor yordamida tanqidiy ruhda o`rganib, xulosa berish lozimligi yozilgan.
Xatdagi Basitxanovaga tegishli “Vazirga kiritilmasin” jumlasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari e`tiborini tortadi.
Tarmoqda xabar tarqatganlar vazir o`rinbosarini ayolning o`limi bilan bog`liq ishni “yopdi-yopdi” qilishda ayblamoqda.
Elmira Basitxanova bilan o`z izohida Toshkent viloyatidagi shifoxonada haqiqatdan ham shunday holat yuz berganini aytib, uning xatga javobi noto`g`ri talqin qilinganini bildirdi.
“Boshqarma boshlig`i tomonidan berilgan ma`lumotni sog`liqni saqlash vaziriga chuqur o`rganib, sabablar va tahlillar asosida kiritish lozim. Masala onalar va bolalar o`limi haqida ketar ekan, yuzaki xulosalarga tayanmasdan chuqur o`rganish kerak. Bu o`rganish ishlarini bosh akusher-ginekolog bilan birga 2 nafar professor tomonidan olib borish kerakligi haqida topshiriq berilgan. O`lim sabablari chuqur o`rganilib, keyin vazirga hisobot berish kerakligi nazarda tutilgan. 30 yillik tajribaga ega anestezioliog-reanimatolog sifatidagi dastlabki xulosam – o`lim sababi ko`rsatilmagani, barcha holatga professional tekshiruv zarurligi bo`yicha boshqarma boshlig`iga muhim topshiriq berganman. Bunda hech qanday noto`g`ri yoki shov-shuvga sabab bo`ladigan holat yo`q. Go`daklar va onalar o`limi bilan bog`liq har bir holat bekitiladigan narsa emas. Qonunda ham, tibbiyotda ham har bir o`lim holati sabablari tahlil qilinib, chora ko`riladi va bu keyin yuzaga kelishi mumkin bo`lgan muammolarga echim bo`lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham bu holni bekitish yoki “yopdi-yopdi” qilishdan biror inson manfaatdor emas. E`tibor berilsa, xatda “kritik” so`zi alohida qayd etilgan. Bu yozuvni qayd etishdan maqsad nimanidir xaspo`shlash yoki bekitish emas. Bunday noto`g`ri xulosalar qilish bu vaziyatni noto`g`ri talqin qilish deb o`ylayman”,- dedi Basitxanova.
Xatdan ko`rinishicha, ayolning o`limi 2021 yilning 17 may kuni sodir bo`lgan. Oradan o`tgan deyarli yarim yil mobaynida holat o`rganilgach, natijasi nima bo`lgan? Bu savolga javoban Elmira Basitxanova 23 yoshli homilador ayolning o`limi sabablari 3 nafar tibbiyot fanlari doktori va professorlar tomonidan o`rganilganini aytdi.
“O`lim sabablari chuqur o`rganildi. Xulosalarni oldik va aybdor shaxslar o`z jazosini oldi. Inson hayoti bilan bog`liq bunday holatlar qayta sodir bo`lishining oldini olish maqsadida bu tibbiy tahlil butun respublikadagi tug`ruq komplekslariga ko`rsatma xati bilan birgalikda etkazilgan”, dedi sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari.






