Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, deputat bundan bir necha hafta avval, ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomasi orqali notarial rasmiylashtirish hamda DYHXXda ro`yxatdan o`tkazishda to`lanadigan davlat boji va yig`imlar miqdorining yuqoriligi haqida yozgan. Shuningdek, ushbu davlat boji va yig`imlar stavkalarini 2022 yil uchun davlat byudjetining parametrlarini shakllantirishda qayta ko`rib chiqishni so`rab, Moliya vazirligiga deputatlik so`rovi yuborgan.
Ayni paytda G`aniev o`sha so`roviga Moliya vazirligidan javob olgani haqida ma`lum qilmoqda.
"So`rov javobida aytilishicha, so`rovda ko`tarilgan muammolarni inobatga olganda holda, Moliya vazirligi tomonidan 2022 yil byudjet parametrlarini shakllantirishda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan yig`imlarni bekor qilish ko`zda tutilmoqda. Bu esa sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda ro`yxatdan o`tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarodan undiriladigan bir necha million so`mlik to`lov bekor bo`lishini anglatadi.
Bundan tashqari, javob xatida Moliya vazirligi va Adliya Vazirligi tomonidan avtomobil oldi-shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ham qayta ko`rib chiqilganligi hamda ularni pasaytirish yuzasidan “Davlat boji to`g`risida”gi Qonunga o`zgrtirish kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilayotganligi ma`lum qilingan.
Ko`rinib turibdiki, qonunchilikka yuqoridagi o`zgarishlarni kiritish orqali 2022 yildan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlarini keskin kamaytirish va fuqarolarga engillik yaratish ko`zda tutilmoqda. Kechagi saylov natijalari ortidan bu yaxshi xabardan anglash mumkinki, prezidentlik saylovida g`alaba qozongan Shavkat Mirziyoevning ikkinchi prezidentlik davrida ham fuqarolarga qulaylik yaratish, ularni rozi qilish davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi sifatida davom etadi.
Umid qilamizki, undiriladigan boj va yig`imlarni kamayishi o`z navbatida fuqarolarimizga o`zlari xarid qilgan avtomobillarini mulk huquqi va fuqarolik munosabatlarida salbiy oqibatlar keltirib chiqaruvchi ishonchnomalar orqali emas, balki notarial oldi-sotdi shartnomasi orqali rasmiylashtirishga imkoniyat yaratadi. Bundan tashqari, avtomobillarni rasmiylashtirishdagi tranzaksional xarajatlarni kamayishi ikkilamchi bozorlarda avtomobillar oldi-sotdi ko`lamini oshishiga va “ikkinchi qo`l” avtomobillar narxini tushishiga xizmat qiladi.
Shu o`rinda, deputatlik so`rovimizga befarq bo`lmay, unda ko`tarilgan masalaga e`tibor qaratgan Moliya vazirligiga hamda fuqarolarga qiyinchilik yaratayotgan byurokratik to`siq va xarajatlarni bekor qilish tashabbusimizni doim qo`llab-quvvatlaydigan Adliya vazirligiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman", - deyiladi deputat qoldirgan postda.






