Navoiy viloyati Uchquduq tumanida poezd yo`lidan chiqqan 3 bosh tuyani urib ketdi. Bu haqda «Zamon» dasturida xabar qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, hodisa soat 07:50 atrofida viloyat Tinchlik lokomativ deposiga qarashli teplavoz o`ziga biriktirilgan yuk poezdini Mustaqillik–Uchquduq-1 yo`nalishida tortib ketayotgan vaqtda sodir bo`lgan. Temiryo`lda qarovsiz yurgan 3 bosh tuya poezd yo`liga chiqqan. Mashinist ogohlantiruvchi signalni chalib, tezlikni pasaytirgan va tormoz orqali teplavozni to`xtatishga uringan. Shunga qaramay, tuyalar yo`ldan qochmagani sabab ularni urib ketgan.
Qayd etilishicha, tumanda yashovchi tuya egalariga Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 113-moddasi (Temiryo`l transportida harakat xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Poezd esa ko`zdan kechirilib, soat 08:10 da harakatni davom ettirgan.






