AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev EXHT DIIHB kuzatuvchilari missiyasi rahbari bilan uchrashdi

'Shavkat Mirziyoev EXHT DIIHB kuzatuvchilari missiyasi rahbari bilan uchrashdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev bugun, 22 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining (DIIHB) mamlakatimizdagi Prezident saylovini kuzatish bo`yicha missiyasi rahbari Ouen Merfi bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Byuro Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining etakchi institutlari biri bo`lib, uning faoliyati insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta`minlash, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga ko`maklashish masalalarini qamrab oladi.

DIIHB mamlakatimizdagi Prezident va parlament saylovlarini kuzatishda 1999 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. 2016 yil dekabr oyida Byuro ilk bor O`zbekistonga davlat rahbari saylovini kuzatish uchun o`zining to`laqonli missiyasini yo`lladi.

Bu galgi Prezident saylovini kuzatish uchun ham huddi shunday delegasiya O`zbekistonga keldi. Ushbu birlashgan xalqaro missiya tarkibiga Byurodan, EXHT Parlament assambleyasidan va Evroparlamentdan kuzatuvchilar kirgan.

Uchrashuvda demokratik yangilanishlarni amalga oshirish, saylov qonunchiligi va saylov jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, bo`lajak muhim siyosiy tadbirni xalqaro norma va standartlarga muvofiq tayyorlash va o`tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzodning saylovoldi platformasidagi ustuvor yo`nalishlar ham ko`rib chiqildi.

    Boshqa yangiliklar