Toshkent shahri ko`chalarida 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanadi. Bu tirbandliklarni keltirib chiqarish bilan birga, ekologiya, piyoda va yo`lovchilar xavfsizligiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. O`zLiDePdan prezidentlikka ko`rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoev poytaxtning jamoat transporti va yo`l infratuzilmasi muammolariga to`xtalib, kelgusida bu borada qilinadigan ishlarga to`xtaldi. Bu haqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar bermoqda.
“Shaharda er osti va er usti piyoda o`tish yo`laklari, avtoturargohlar etishmaydi. Shuningdek, poytaxtda 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud bo`lib, ularning 200 tasida transport vositalarini o`tkazish darajasi past. Jamoat transportidan bor-yo`g`i 33 foiz yo`lovchi foydalanmoqda. Masalan, bugungi kunda 80 ta yo`nalishdagi avtobuslarning intervali tig`iz paytlarda 30 minutgacha kechikkani, aholi noroziligiga sabab bo`lmoqda”, dedi amaldagi prezident.
Shu bois, kelgusi besh yilda shaharda o`zaro uzviy bog`langan barcha transport turlarini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Bunda:
- er usti transporti va metro yo`nalishlari kesishuvida 16 ta yirik avtostansiyalar;
- Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar;
- markaziy ko`chalarda 40 ming avtomobillar uchun, 80 ta ko`p qavatli avtoturargohlar;
- tirbandlik yuqori bo`lgan ko`chalarda 21 ta yo`l o`tkazgichlar quriladi;
- er usti halqa metropoliteni yo`lining 7 ta bekatdan iborat 13 kilometr uzunlikdagi “Qo`yliq-Qipchoq” uchastkasi qurilishi yakuniga etkaziladi.
Shuningdek:
- yo`l harakatini “aqlli tartibga solish” tizimi joriy etilib, bunga shaharning 500 ta yirik chorrahasi ulanadi;
- 200 ga yaqin muntazam avtobus yo`nalishlari tashkil etiladi;
- jamoat transporti parkini yangilash uchun 400 ta zamonaviy avtobus, 700 ta elektrobus olib kelinadi;
- 90 ta yangi zamonaviy metro poezdlari olib kelinib, yo`lovchilar tashish quvvati 2 barobarga oshiriladi;
- elektromobillardan foydalanish hamda ularga xizmat ko`rsatish maqsadida, 50 ta quvvatlash stansiyasi va boshqa infratuzilmalar yaratiladi.
Bundan tashqari, 1,8 ming kilometr avtomobil yo`li va ichki ko`chalarni ta`mirlashga 3 trillion 200 milliard so`m mablag`lar yo`naltiriladi.






