Bola kasal bo`lmasligi uchun nimalar qilish kerak? Olti oylik go`dakka qanday qo`shimcha ovqatlar bersa bo`ladi? Bolaning tishlari chiqayotganda nimalarga e`tibor qaratish zarur? Jajji o`g`il-qizlarning qomati to`g`ri shakllanishi qanday omillarga bog`liq? Ularga harf tanitishni qachondan boshlagan ma`qul? Farzandlarimizning immunitetini qanday mustahkamlash mumkin?
Har bir ota-ona farzand parvarishida shu kabi minglab savollarga ro`baro` keladi va har biriga to`g`ri javob topishga harakat qiladi. Ayniqsa, yosh oilalarda bu jarayon bir muncha murakkab kechishi tabiiy.
Bunday vaziyatda ko`pincha kattalarning ko`magiga suyanishimiz bor gap. Boboyu buvilarimizning ko`rsatma va yo`l-yo`riqlari, hayotiy tajribasi biz uchun dasturilamal. Ammo bugungi taraqqiyot asrida farzand tarbiyasiga doir har bir vazifa va yumushni ilmiy asoslangan tavsiyalarga muvofiq bajarish maqsadga muvofiq. Buning tibbiy hamda pedagogik jihatdan maqbul metod va texnologiyalari ham ishlab chiqilgan.
Ertaga — 20 oktyabrdan boshlab ana shunday tavsiya va ma`lumotlar bilan bepul tanishib borishingiz mumkin. Chunki ushbu sanadan e`tiboran YuNISEF, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha ta`lim vazirligi hamkorligida yurtimizda “Ota-onalar oyligi” e`lon qilinmoqda.
Mazkur qo`shma loyiha bolalalarning ilk rivojlanish davrida ota-onalarga ko`maklashishni ko`zda tutadi. U kichkintoylar parvarishiga doir ilmiy-amaliy dalillarga asoslangan muhim ma`lumot hamda tavsiyalarni taqdim etishga qaratilgan.
Buning uchun etakchi mutaxassis va soha ekspertlari bir oy davomida ilk bosqichda bolalarni to`g`ri parvarishlash hamda ularning sog`lom rivojlanishini ta`minlashga doir ilg`or tajribayu maslahatlari bilan o`rtoqlashadi.
Ana shu materiallar salomatlik, to`g`ri ovqatlanish, immunitet mustahkamlanishi, bolarda ko`nikmalarni erta shakllantirish, rag`batlantirish, himoya va xavfsizlik qoidalari yuzasidan tavsiyalar, foto va videolavhalarni o`z ichiga olgan.
YuNISEF, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha ta`lim vazirligi veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda boshqa media-maydonlar orqali mavzuga oid qiziqarli hayotiy misollar, maqolalar va mahorat darslari aholiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, oylik doirasida mutaxassislar ota-onalar va bola parvarishi bilan shug`ullanuvchilar savollariga teledasturlar orqali ham javob beradilar.
— Farzandlar hayotining ilk yillarida ular parvarishiga e`tiborli bo`lish inson kapitali, sog`lom jamiyat va kelajakni shakllantirishda muhim rol o`ynaydi, — deydi YuNICEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Salomatlik, oziqlanish, xavfsizlik va erta ta`lim bilan bog`liq ilk tadbirlar bolalar rivojlanishining asosidir. O`g`il-qizlarni hayotining dastlabki yillarida ota-onalar va boshqa tarbiyachilar tomonidan to`g`ri parvarish qilish va qo`llab-quvvatlash ularning barkamol rivojlanishida hal qiluvchi omillardan biridir. Bu o`g`il-qizlarning kelgusi hayotidagi muvaffaqiyatlar uchun ham poydevor bo`ladi.
Yana bir yangilik: hozirgi kunda YuNISEF, Sog`liqni saqlash va Maktabgacha ta`lim vazirliklari ota-onalar hamda bola parvarishlovchilarga mo`ljallangan innovasion dastur — “Bebbo” mobil ilovasini yaratish ustida ish olib bormoqda. 7 yoshgacha bo`lgan kichkintoylarni tarbiyalashda asqatadigan mazkur yo`riqnoma O`zbekistonda 2021 yilning noyabr oyida ishga tushiriladi.






