Amaldagi tartiblarga ko`ra, hayvonot dunyosi ob`ektlarini respublikamiz hududiga olib kirish yoki olib chiqish O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni himoya davlat qo`mitasi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
Respublika bojxonachilari mazkur tartiblarga rioya qilmay noyob qushlarni bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o`tishga uringan shaxslarni to`xtatib qolishdi.
Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati "Darakchi"ga ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan lochinlarni ona tabiatdan ajratib olib, pullashga uringan shaxslar to`xtatib qolingan.
Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Kamaz” yuk avtotransport vositasi “Sirdaryo” chegara bojxona postida to`xtatilib, belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganida, salondagi sport sumkasiga 8 bosh lochinlar yashirilganligi fosh bo`ldi. Boz ustiga qushlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo`lingan, jonzotlar sumkaga ularning hayoti uchun xavfli tarzda zichlab joylashtirilgan.
Shu kuni tezkor tadbir Sirdaryo tumanida ham davom ettirilib, ushbu qushlarni sotib olayotgan shaxs ham qo`lga olinadi.
Mazkur holatda ushlab qolingan 8 bosh lochinlar O`zbekistonning 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobiga kiritilgani va tabiatan kamyob hisoblanishi, ularni ovlash taqiqlanishi aytilmoqda.
Ma`lumot uchun, lochinlarning 6 tasi Qizil kitobga Itolg`i nomi bilan kiritilgan bo`lib, ular tobora yo`qolib borayotgan tur hisobanadi.
Surishtiruvlar davomida ma`lum bo`lishicha, qonunbuzarlar ushbu qushlarni 280 mln. so`mga pullamoqchi bo`lishgan.
"Hozirda lochinlar Toshkent hayvonot bog`iga vaqtincha saqlovga topshirildi va mutaxassislarning doimiy nazorati ostida parvarishlanmoqda. Holat yuzasidan esa bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda",–deyiladi xabarda.






