Seshanba kuni Evropada JCh-2022 saralashi siklining oktyabr oyidagi o`yinlari yakunlandi. Germaniya ortidan Daniya ham Qatarda bo`lib o`tadigan mundial yo`llanmasini naqd qildi.
Fantastik Daniya va irodali Shotlandiya

Gruppa F
Daniya — Avstriya — 1:0 (Mehle, 53).
Farer orollari — Shotlandiya — 0:1 (Dayks, 86)
Isroil — Moldaviya — 2:1 (Zahavi, 28. Dabbur, 49 — Nokolaesku, 90+4).
Daniyaga 7 g`alabadan iborat seriyasi va to`plar nisbati bo`yicha fantastik ko`rsatkichidan keyin JCh-2022da mezbonlar Qatar va bir kun oldin yo`llanmaga ega bo`lgan Germaniyadan keyin uchinchi ishtirokchi bo`lish uchun bu turda durang o`ynash ham kifoya qilardi. Avstriyaliklar qo`ldan kelgancha bardosh berishdi, darvozabon Baxmann bir necha marta mo``jiza ko`rsatdi, ammo uni baribir Mehle dog`da qoldirishga erishdi. Evropa chempionati kashfiyotlaridan biriga aylangan «Atalanta» himoyachisi darvozaning uzoq burchagini nishonga olayotgandek harakat qildi va darvozabon o`sha tomonga otilganida to`pni yaqin burchakka yumalatib yubordi.
Endi faqat bir intriga qoldi - Daniya saralash siklining oxiriga qadar gol o`tkazmaslikda davom etadimi? Ayni vaqtda Kasper Yulmann jamoasi 8 o`yinda 27 gol urgan va birorta gol o`tkazib yubormagan. Bu natija — Kristian Eriksen hali tarkibga qaytmaganida. Daniyaliklar hujum chizig`ining yana ikki vakili - Dolberg va Breytueyt ham jarohatini davolatishda davom etmoqda.
Bu guruhda ikkinchi o`rin ko`p ehtimol bilan Shotlandiyaga nasib etadi. Bu jamoa so`nggi o`yinlarda g`alaba uchun fantastik iroda ko`rsatmoqda. Britaniyaliklar qatorasiga ikkinchi turda so`nggi daqiqalarda g`alabani ilib ketishmoqda, jamoaning asosiy qahramoni esa — Dayks bo`lmoqda. Ushbu hujumchi qatorasiga to`rt o`yinda raqiblar darvozalarini ishg`ol etdi, bu gollardan uchtasi g`alaba goli bo`lib chiqdi. Pley-offga o`tish uchun shotlandlar keyingi turda safarda Moldaviyani mag`lub etishi etarli bo`ladi.
12 noyabr. Daniya — Farer orollari, Moldaviya — Shotlandiya, Avstriya — Isroil.

Keyn yana gol urolmadi
I guruhi
Angliya — Vengriya — 1:1 (Stouns, 35 — Sholloi, 24, penalti).
Albaniya — Polsha — 0:1 (Sviderski, 77).
San-Marino — Andorra — 0:3 (Mark Puyol, 10. Serxi Moreno, 53. Kuku, 89).
O`tgan turda inglizlar 1966 yildagi rekordlarini yangilashgan va yil boshidan buyon 12-o`yinda darvozalari daxlsizligini saqlab qolishgandi. Bundan tashqari, «Sherlar»ning mag`lubiyatsiz seriyasi 18 o`yinga etgan, bunaqasi 1990-yillardan buyon kuzatilmagandi. Seshanba kuni esa jamoa Shou tufayli ishlangan penaltidan gol o`tkazdi.
Ushbu himoyachi raqibni ko`rmay qoldi va uning boshiga oyoq bilan zarba berib yubordi. Lekin mudofaaning boshqa bir vakili — Stouns — maydon egalariga durang keltirdi, barcha Evropa vise-chempionlari g`alabaga erishib, JCh yo`llanmasini shu kuniyoq hal qilishini kutgandi, ammo bu o`yinda asosiy hujumchi Keyn gol ura olmadi va saralash siklida 2017 yilda boshlangan va 15 o`yin davom etgan golli seriyasini to`xtatdi. Lekin Angliyada taqvim shundayki, Qatarga yo`llanma — vaqt masalasi.
Bu oqshomda barchaning e`tibori ushbu guruhning boshqa vakillari - Albaniya va Polsha o`rtasidagi hal qiluvchi uchrashuvga qaratildi. Avvaliga gap faqat turnirdagi vaziyat haqida edi, ammo vaziyatga muxlislar aralashdi. Sviderski to`pni to`xtatmay bergan zarbasi bilan hisobni ochgach, bu golni nishonlash vaqtida polyaklarga tribunadan butilkalar yog`dirishdi. Fransuz arbitri Kleman Tyurpen jamoalarni kiyim almashtirish xonasiga olib ketdi va o`yin davom ettirilishi ham so`roq ostida qoldi. Agar o`yin davom ettirilmasa, albanlarga texnik mag`lubiyat yozilardi. Qariyb 20 daqiqadan keyin o`yin davom ettirildi, ammo bu tanaffus albaniyalik futbolchilarning kayfiyatiga ta`sir qilib ulgurgandi. Polsha g`alabani saqlab qoldi va Albaniyani quvib o`tib, ikkinchi o`ringa ko`tarildi. Keyingi turlarda Albaniya Angliyaga safar qiladi va Andorrani mehmon qiladi (agar UEFA jarima solish bilan cheklanmasa, o`yin betaraf maydonda o`tishi ham hech gap emas), Polsha esa so`nggi ikki o`yinni Andorra va Vengriyaga qarshi o`tkazadi. Shunday ekan, guruhdagi birinchi va ikkinchi o`rin egalari so`nggi tur oldidan aniq bo`lib ulgurishi ehtimoli yuqori.
Guruhdagi uchinchi uchrashuv futbol karliklari o`rtasida kechdi va unda shu vaqtgacha biror marta bir o`yinda uch gol urmagan Andorra o`z tarixidagi ilk g`alabani nishonladi.

12 noyabr. Angliya — Albaniya, Andorra — Polsha, Vengriya — San-Marino.
Serbiya hozircha birinchi
A guruhi
Portugaliya — Lyuksemburg — 5:0 (Krishtianu Ronaldu, 8, penalti, 13, penalti, 87. Brunu Fernandesh, 17. Joau Palinya, 59).
Serbiya — Ozarboyjon — 3:1 (Vlahovich, 30, penalti, 52. Tadich, 83, penalti — Mahmudov, 45).
Krishtianu Ronaldu, kutilganidek, gollar urdi, endi Lyuksemburg portugaliyalik yulduzning sevimli jamoasiga aylandi. Bunga qadar Krish eng ko`p gol urgan jamoalar Shvesiya va Litva edi (7tadan), Lyuksemburg esa endi undan 9 gol o`tkazgan jamoaga aylandi. Ronaldu ikkinchi bor 11 metrlik nuqtadan gol urganida o`zining jismoniy holatini yana bir bor namoyish etdi.
Ammo u xato zarba berganida ham Portugaliyada bu o`yinda muammo bo`lmasdi. Ruy Patrisiu terma jamoa uchun 100-o`yinida zerikib qoldi. Lekin tribunalarda hech kim zerikmayotgandi. Muxlislar besh golga, jumladan Ronalduning het-trigiga guvoh bo`lishdi — faoliyatida 58-, terma jamoada o`ninchisi. So`nggisi — jahon rekordi, ammo portugaliyalik hali to`xtamoqchi emas. Saralashdagi gollari soni bo`yicha (36) u eronlik Ali Dayiga etib oldi. Bu boradagi eng yaxshi natijaga ega gvatemalalik Karlos Ruisni quvib etish uchun yana uch gol etarli.
Belgradda ham barchasi penaltidan boshlandi, uni Vlahovich ishladi va o`zi aniq ijro etdi. «Fiorentina» hujumchisi terma jamoaning qatorasiga uchinchi o`yinida gol urdi va aftidan u terma jamoaning asosiy hujumchisi rolini Mitrovichdan olib qo`ydi. Ammo, Portugaliyadan farqli ravishda bolqonliklar birinchi golga keyingilarini ulay olishmadi va tanaffus arafasida Mahmudovdan gol o`tkazib yuborishdi.
Bu vaziyatda serblar darvozaboni Raykovich raqibni aldab o`tishga harakat qildi va kulgili holatda gl o`tkazib yubordi. Uning baxtiga ikkinchi bo`limda Vlahovich yana gol urib kecha qahramoniga aylandi, Serbiya esa guruh etakchisi bo`lib oldi. Ammo Portugaliyada zaxira o`yini bor va so`nggi turda ular asosiy raqobatchisini Lissabonda qabul qilishadi.

11 noyabr. Irlandiya — Portugaliya, Ozarboyjon — Lyuksemburg.
Yakin Manchiniga etib oldi
S guruhi
Litva — Shveysariya — 0:4 (Embolo, 31, 45. Shteffen, 42. Gavranovich, 90+4).
Bolgariya — Shimoliy Irlandiya — 2:1 (Nedelev, 53, 63 — Vashington, 35).
Bir necha kun muqaddam litvaliklar bu sikldagi ilk g`alabasini nishonlab, o`z muxlislari uchun bayram uyushtirishgandi. Ammo inqiroz davridagi bolgarlarga qarshi o`ynash boshqa ish, mustahkam Shveysariya bilan o`ynash boshqa. Boltiqbo`yi jamoasi Emboloning burchak zarbasidan keyin urilgan birinchi goliga qadar chidashdi, shundan keyin mehmonlar ishonch bilan harakat qilib, yirik g`alabaga erishdi.
Murat Yakin jamoasi ochkolari sonini Italiyaniki bilan tenglashtirib oldi, endi Qatar uchun to`g`ridan to`g`ri yo`llanma sohibi 12 noyabr kuni shu ikki terma jamoa o`rtasida aniqlanadi. Yakin — Shveysariya termasidagi faoliyatini qatorasiga to`rt quruq o`yin bilan boshlagan ilk mutaxassis bo`ldi.

12 noyabr. Italiya — Shveysariya, Shimoliy Irlandiya — Litva.
Shvedlar Ispaniyaga qarshi jangga tayyorlanmoqda

V guruhi
Shvesiya — Gresiya — 2:0 (Forsberg, 59, penalti. Isak, 69).
Kosovo — Gruziya — 1:2 (Murichi, 45, penalti — Okriashvili, 11. Davitashvili, 82).
Birinchi bo`lim shunday taassurot uyg`otdiki, greklar Fermopilda jang qilayotgan spartaliklarga aylanishdi. To`g`ri, shoh Leonidning jangchilari dushmanning hujumini to`xtatib turishi talab etilgan, bu erda esa ellinlar mehmon maqomida ekaniga qaramay olg`a intilishdi. Birinchi bo`lim davomida Shvesiya ilojsiz holatda ko`rindi, ammo bu kecha omad ularning tomonida bo`ldi. Masurasning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, keyin uning zarbasi darvoza ustuniga tegdi, Pavlidisning «ikkinchi qavatdan» hujumini darvoza to`sini qaytardi.
Tanaffus skandinavlarga o`zlariga kelib olish uchun imkon berdi, ikkinchi bo`limda o`yin xarakteri o`zgardi va Mavropanosning Isakka ishlatgan foli mehmonlar uchun hal qiluvchi burilishga aylandi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Forsberg adashmadi. O`yinni nazorat qilishga o`tgan Yan Andersson jamoasi raqib darvozasiga ikkinchi golni ham urdi, Isakning goliga to`pni raqib jarima maydoniga etkazib bergan darvozabon Ulsen assistentlik qildi. Bu g`alabadan so`ng Shvesiya guruhda Ispaniyani quvib o`tdi va guruh etakchisiga aylandi. So`nggi turda ikki favorit Sevilyada o`zaro o`yin o`tkazadi, endi «Qizil furiya»ning xato qilishga haqqi yo`q.
Shu kuni Prishtinada o`tgan guruhdagi ikkinchi uchrashuvda hech narsa hal qilinmadi, ammo bu o`yinda ham yodda qoladigan voqealar sodir bo`ldi. Gruziya yildagi ilk g`alabasiga erishdi, g`alaba goliga Tulaning «Arsenal» klubi a`zosi Davitashvili mualliflik qildi.

11 noyabr. Gruziya — Shvesiya, Gresiya — Ispaniya.
Pukki Litmanendan o`zib ketdi
E guruhi
Qozog`iston — Finlandiya — 0:2 (Pukki, 46, 47).
Ukraina — Bosniya — 1:1 (Yarmolenko, 15 — Ahmadhojich, 77).
Finlandiya ikkinchi o`rin uchun da`vogarlar qatorida qoldi, yana jamoaning asosiy yulduzi sa`y-harakatlari evaziga. Pukki dubl qayd etib, terma jamoadagi gollari sonini 33taga etkazdi va afsonaviy Yari Litmanenni ortda qoldirgan holda Suomi tarixidagi eng yaxshi to`purarga aylanib oldi. Endi undan noyabrdagi o`yinlarda ham qahramonlik kutishadi, Markku Kanerva jamoasidan muhim o`yinlarda xato qilmaslik talab etiladi — Bosniyaga qarshi safar va Fransiyaga qarshi uy o`yinlarida.
Ukraina esa o`z uyida Bosniyani mag`lub etolmadi va pley-off o`yinlariga o`tish imkoniyatini keskin pasaytirdi.
Evro-2020dan keyin Shevchenko o`rniga tayinlangan Aleksandr Petrakov hamon vazifa bajaruvchi maqomida. U jurnalistlar uchun ochiq emas, jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Ruslan Malinovskiyni yig`inlarga chaqirmayapti va bu jamoada ichki muhit yaxshi emasligini ko`rsatadi. Hozirgi holatida Ukraina Fransiyani quvib o`tishi imkonsiz, ikkinchi o`rin ham boy berib qo`yilishi mumkin.
Sariq-ko`klar guruhdagi dastlabki 5 o`yinda durang o`ynashgandi (guruh etakchisi Fransiya bilan ham, guruh autsayderi Qozog`iston bilan ham ochkolar bo`lishib olingan). Guruhda besh jamoa borligi tufayli jami 8 tur o`tkaziladi, shunday ekan jamoadan oktyabr oyidagi ikki o`yinda 6 ochko jamg`arish talab etilardi. Ular bunga yaqin kelishdi - o`tgan haftada Petrakov shogirdlari Finlandiya maydonidan g`alaba bilan qaytishdi, ammo seshanba kuni jamoa Bosniyani mag`lub etolmadi. Xelsinkidagi o`yinda Yarmolenkoning goli natija keltirgandi, bu safar ham barchasi shunga qarab ketayotgandi, ukrainlar etakchisi bu o`yinda ham hisobni ochdi, ammo shundan keyinoq Petrakov butun jamoani himoyaga qaytardi. Birinchi bo`limda Ukraina to`pga egalik qilish bo`yicha 60 foiz ustunlikka ega edi, 46-daqiqadan boshlab gol o`tkazilgunga qadar bu ko`rsatkich 37 foizni tashkil etdi.
Ukrainlarning saralashdagi unikal natijasi davom etadi - 7 o`yindan 6tasida durang natija, endi ularda birgina o`yin qoldi - safarda Bosniyaga qarshi. Ular hozircha ikkinchi, ammo ikki asosiy raqibda ham bittadan zaxira o`yini mavjud. Katta ehtimol bilan oxirgi durang ular uchun hal qiluvchisi bo`ladi va muxlislar bu jamoani Qatar maydonlarida ko`rishmaydi.

13 noyabr. Fransiya — Qozog`iston, Bosniya — Finlandiya.






