Davlat bojxona qo`mitasining Bojxona institutida joriy yilda o`qishga qabul qilingan kursantlarning “Vatanga qasamyod” qabul qilish tantanali tadbiri bo`lib o`tdi.
Tadbirda O`zbekiston Davlat bojxona qo`mitasi rahbariyati, deputatlar, bojxona faxriylari, ota-onalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlangan tadbirda qo`mita rahbariyatning kursantlarga yo`llagan tabrigi o`qib eshittirildi.
Ta`kidlanganidek, Yangi O`zbekistonning bojxona organlari faoliyati ham so`nggi yillarda tubdan takomillashmoqda. Tizimga “Qog`ozsiz va elektron bojxona”ning mantiqiy davomi bo`lgan “raqamli bojxona” tamoyilini keng joriy qilish, axborot tizimlari va elektron xizmatlari soni va sifatini oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlari tobora soddalashmoqda va tezkorlik kasb etmoqda.
“Xavflarni boshqarish”? “Yagona darcha” kabi bojxona axborot tizimlari ko`magida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ham vaqti, ham xarajatlari tejalmoqda.
Tabiiyki, sohada olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi yuksak bilimli, professional va zamonaviy kadrlarga borib taqaladi. Shu jihatdan olib qaralganda bugun qasamyod qabul qilayotgan Bojxona instituti kursantlarini oldinda ham sharafli, ham mas`uliyatli yo`l kutmoqda.
Kursantlarning har tomonlama shaffof va kuchli raqobat muhitida o`tkazilgan test sinovlaridan so`ng o`qishga qabul qilinishi eng avvalo mamlakatimizda yoshlarni sifatli ta`lim olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyatda o`z o`rniga ega bo`lishi borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining amaliy ifodasi bo`ldi.
Tadbirda qasamyod qabul qilgan har bir kursantga Sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari tuhfa qilinishida ham ulkan ramziy ma`no bor.
Tantanali marosimda so`z olgan deputatlar, bojxona faxriylari va ota-onalar kursantlarga kelgusidagi o`qish va xizmat faoliyatida ulkan zafarlar tilashdi.
“Vatanga qasamyod” tadbiri kursantlarning saf maydoni bo`ylab tantanali yurishi hamda konsert dasturiga ulanib ketdi.






