O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14-15 oktyabr kunlari EOII va MDHning videoaloqa shaklidagi sammitlari ishida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
14 oktyabr kuni davlatimiz rahbari Qozog`iston raisligida o`tkaziladigan Oliy Evroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdan tashqari majlisida kuzatuvchi maqomida nutq so`zlaydi.
Rossiya, Belarus, Qozog`iston va Qirg`iziston Prezidentlari, Armaniston Bosh vaziri Kengash a`zolari hisoblanadi. Yig`ilishda kuzatuvchi sifatida Kuba Prezidenti ham so`zga chiqishi kutilmoqda.
Yig`ilish kun tartibiga muvofiq Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi ko`p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqiladi.
O`zbekiston etakchisi o`z nutqida EOII bilan amaliy hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlarini belgilab beradi.
Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi mamlakatimizga o`tgan yil dekabr oyida berilganini ta`kidlash joiz. Joriy yil aprel oyida O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi memorandum hamda 2021-2023 yillarga mo`ljallangan Qo`shma tadbirlar rejasi qabul qilindi.
15 oktyabr kuni esa Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi bo`lib o`tadi. Uning ishida Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg`iziston, Qozog`iston va O`zbekiston etakchilari ishtirok etishi ko`zda tutilgan.
Belarus raisligida o`tkaziladigan tadbirda tashkilotning 30 yillik faoliyatidagi ko`p tomonlama hamkorlik yakunlari, shuningdek, savdo, investisiyalar, sanoat kooperasiyasi, transport, migrasiya, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi sheriklikni yanada kengaytirish borasidagi qo`shma rejalar ko`rib chiqiladi.
Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish hamda keng mintaqada barqaror taraqqiyotni ta`minlash masalalari muhokama qilinadi.
Hamdo`stlikda hamraislik qilayotgan O`zbekiston Prezidenti MDHni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi maqsad va vazifalariga erishish bo`yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari suradi.
Tadbir yakunida MDH makonida o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ko`p tomonlama hujjatlar to`plami qabul qilinadi.






