Avvalroq, 6 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanida ko`lidagi mix orqali bir kishini o`ldirayotgan fuqaro tasviri aks etgan videolavha tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Zo‘r TV telekanalining «Bu kun» informasion dasturida ma`lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo`yicha Urgut tuman sudida ushbu shaxsga nisbatan sud hukmi o`qilgan. Bu haqda Daryo xabar qildi.
Ayblanuvchining so`zlariga ko`ra, u mart oyidan beri ustachilik bilan shug`ullanib kelgani sabab mahalla markaziga chiqmagan. 5 iyun kuni mahalladagi to`yxona oldiga ovqatlanishga chiqqan.
«Ovqat tayyor bo`lguncha ichib turaman deb 1,5 litrli pivo buyurdim. Pivoni yarim bokal ichgan edim O`.O. aka kirib keldi. Mast holatda edi. Sassiqligidan ishtaham bo`g`ilmasin deb, unga ket dedim. 100 gramm aroq olib bersang ketaman, dedi. Olib berdim. Hech qaerga qaramasdan chiqib ketdi», — deydi u.
Uning aytishicha, oradan 15 daqiqalardan keyin O`.O. yana kelib, aroq so`ragan va yana spirtli ichimlik ichib ketgan.
«Karvonsaroy tomon ketayotganimda bu odam yana paydo bo`ldi. Elkamdan tutib, mana spirt magazin, bitta aroq olib ber, dedi. Unga aroq olib bermasligimni aytganimda onamdan so`kdi. 100 metrlar yurganimdan keyin onamdan, singlimda, hatto qizimdan so`ka boshladi. Bunga chidab tura olmay qo`lim bilan urdim. Keyin yoqasidan ushlab turtib yubordim. Yiqitib, qo`lim bilan urdim, tepdim. Undan keyingi voqealarni eslay olmayman», — deydi u.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning iyun oyida «Daryo» so`roviga asosan ayblanuvchi shu atrofda joylashgan xo`jalik mollari sotish uchun mo`ljallangan savdo do`koniga kirib, 15 santimetr uzunlikdagi o`tkir tig`li mixni olib chiqqan va O`.O.ning o`ng ko`krak qismiga bir marotaba sanchib olganini ma`lum qilgandi.
Sud hukmiga ko`ra, ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasining (qasddan odam o`ldirish) 2-qismi bilan aybdor deb topilib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.






