2 oktyabr kuni Samarqand viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan Urgut tumani hududida o`tkazilgan tadbirda Urgut tumani “Sariq tepa” mahallasida “Kobal`t” rusumli avtomashina shubha uyg`otganligi sababli tuman IIB binosiga olib kelinib, xolislar ishtirokida haydovchisi, Samarqand shahar Manguberdi ko`chasida yashovchi, 1975 y.t., fuqaro B.M. shaxsiy tintuv qilingan vaqtida, egnidagi qora rangli sport kiyimining o`ng cho`ntagidan 3 dona sellofan paketga solingan oq rangli, o`tkir hidli, “geroin” giyohvandlik moddasiga o`xshash moddalar va chap cho`ntagidan 10 dona sellofan paketlarga alohida-alohida qilib qadoqlangan qora rangli “opiy” giyohvandlik moddalariga o`xshash giyohvandlik moddalari va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Viloyat IIB EKBning ma`lumotnomalarida, fuqaro B.M.dan daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan 3 dona sellofan bo`laklariga “geroin” giyohvandlik moddasi turiga kirishi, uni sof og`irligi 2,96 grammga tengligi, 10 dona selofan bo`laklariga qadoqlangan modda “opiy” guruhiga mansub bo`lgan giyohvand alkaloidlar-morfin, kodein, tebain mavjudligi, bu modda “opiy” giyohvandlik moddasi turiga kirishi, uni sof og`irligi 8,69 grammga teng ekanligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






