Doha shahriga amaliy tashrif bilan borgan O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan qabul qilindi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Vazir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga yo`llagan maktubini etkazdi.
Suhbat davomida O`zbekiston - Qatar munosabatining hozirgi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi sheriklikning dolzarb jihatlari to`g`risida fikr almashildi.
O`zbekiston va Qatar ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim salohiyatga ega ekani ta`kidlandi.
Tomonlar o`zaro siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sohalarda aloqani sezilarli darajada mustahkamlash zarurligini e`tirof etdilar.
Afg`onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish va xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha afg`onlararo inklyuziv muzokaralarni ilgari surish muhimligi ta`kidlandi.
Qatar tomoni O`zbekistonning Afg`onistondagi tinchlik jarayonini qo`llab-quvvatlash borasidagi sa`y-harakatini yuqori baholadi.
Muzokarada ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.






