AsosiyJamiyat

Bloger: "Bizni savol qo`yganimiz uchun bizni ayblamang"

'Bloger: "Bizni savol qo`yganimiz uchun  bizni ayblamang"'ning rasmi

Bugun bloger Shahnoza   o`z blogi orqali o`quvchilariga yana bir muhim masala yuzasidan fikr mulohazalarini bildirdi. 

"Biz nimaga Davlat Nazar o`limi bilan bog`liq savollar berdik?  Xaypga o`chligimizdanmi?  Yo uning etimlariga sadaqa qila olmaganimiz uchunmi?  (Plastik karta ochib raqamini qo`ysalar, xayriya masalasi hal, imkon qadar qila olamiz).  

Biz Davlat Nazar voqeasi orqali so`z erkinligi haqida qayg`urdik. Shabnam haqida "provakasion" savol bergan jurnalist ham shu qayg`u tufayli asli ko`pchilikning ichidagi savolni berdi (kommentlarni o`qinglar, axir). Abdulloh qani deganda qonuniylikni qidirdik. Shilov masalasida "ertaga meni ham birov baran demasin" deb e`tiroz bildirdik.

Turli masalalar u yoki bu hodisa orqali yuzaga qalqib chiqar ekan, ular yuzasidan savol qo`yiladi, butun dunyoda shunday. Yo`qolib qolgan odam, avtohalokatda o`lgan jurnalist, jinnixonaga tushgan bloger yo  tiliga erk bergan rahbar kabi masalalar yuzasidan jamiyat mas`ul organlarini so`roqqa tutishi tabiiy hol.

O`sha savollarni tilga chiqarsak va xaypchi, provakator bo`lib ketaversak, qanday ochiq jamiyat quramiz?  Endi tetapoya bo`layotgan fuqarolik jamiyati qanday rivojlanadi?  

Axir, fuqarolik jamiyatining asosi "Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun" prinsipida emasmi? Har bir fuqaro taqdiri butun jamiyat taqdiri bilan bir narsaligini anglash orqali odamlarda jamiyatga va vatanga daxldorlik tuyg`usi shakllanmaydimi? Shu fuqaro muammosi tagida turgan jamiyat muammosini tan olish va uni echishga intilish emasmi taraqqiyotning sharti?  

Faqat jabrlanganning o`ziga shaxsan yordam berilsa, shaxsan yordam bera olmaganlar bu menga taalluqli emas deb ketaversa, fuqarolik jamiyati shakllanmaydi. Bu shunchaki oqibatlarni bartaraf etish xolos.  

Davlat Nazarlar, Shabnamlar, Abdullohlar Shilovlar...  -- bular  yakka shaxs muammosi emas, ular ortida katta va o`zimizga bevosita taalluqli ijtimoiy masalalarni ko`ramiz. Xavotirlarimizni tarqatishni istaymiz. Shu sababli qulay va noqulay savollarni qo`yamiz.  

Biz savol qo`yyapmiz,  siz javob beryapsiz.  Javoblar uchun rahmat, albatta, ilgari shu ham yo`q edi. Ammo savol qo`yganimiz uchun  bizni ayblamang. Chunki savol-javob,  dialog,  murosa orqali rivojlanamiz", deya fikrlarini yakunlaydi bloger.

Eslatib o`tamiz, 6 noyabr kuni xorazmlik faol jurnalist Davlatnazar Ro`zmetov avtohalokat sabab vafot etgan edi. Ushbu voqea ortidan hodisa kutilmagan halokat bo`lmasligi mumkin, degan taxminlar ham paydo bo`lgandi. Undan bir muddat avval esa bloger Nafosat Olloshukurova bilan bog`liq vaziyatlar bo`yicha ham turli mish-mishlar tarqalgan, ya`ni uni majburan ushlab turilayotgani bildirilgan edi. 

O`zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovdan bu ish bo`yicha jurnalist va blogerlarni biror bir masalani ommaga ko`tarib chiqayotganda, shoshqoloqlik qilmasdan, hissiyotlarga berilmasdan, jiddiy surishtiruv va faktlarga asoslanib, xolis material berishga chaqirgan edi.

    Boshqa yangiliklar