AsosiyJamiyat

"Xalqning dardu-hasratlariga quloq solayotgan xalqparvar xodimlar sog`-omon bo`lsin!"

'"Xalqning dardu-hasratlariga quloq solayotgan  xalqparvar xodimlar sog`-omon bo`lsin!"'ning rasmi

Mamlakatimizda keksa avlod vakillari va kam ta`minlangan oilalarga g`amxo`rlik ko`rsatish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli va maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg`iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo`lgan faxriylarning holidan xabar olish ham an`anaga aylangan.

Zero, ushbu oilalar va fuqarolarning holidan xabar olish, ular bilan hamsuhbat bo`lish, qalbiga quloq solish, muammolarini echish uchun amaliy ko`mak berish insoniy burch hisoblanadi.

– Bugun Toshkent shahridan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari uyimizga kelib holimizdan xabar olganliklari meni juda xursand qildi, – deydi Sirdaryo viloyati Shirin shahri“Do`stlik” mahallasida istiqomat qiluvchi,bolalikdan 1-guruh nogironi Xamdam Sultonov.– O`zim 1968 yilda tug`ilganman, turmush o`rtog`im Novvotoy Sultonova ham tug`ma 2-guruh nogironi. Shahar hokimligi, ichki ishlar organlari va tibbiyot xizmati xodimlari, mahalla faollari oilamizdan tez-tez xabar olib turishadi, yaqinda uyimizni ta`mirlab berishdi, buning uchun Davlatimiz Rahbariga o`z minnatdorligimni bildiraman. Men yana bir bor amin bo`ldimki, yurtimizda biz kabi nogironligi bo`lgan fuqarolar davlatimiz e`tiboridan chetda qolmagan. Sizlarga rahmat, hamisha duo qilaman, xalq orasiga kirib ularning dardu-hasratlariga quloq solayotgan siz kabi xalqparvar xodimlar hamisha sog`-omon bo`lishsin.

– Men ko`p yillar mahallamizdagi bog`chada tarbiyachi bo`lib ishladim. Rahmatli turmush o`rtog`im bilan 9 nafar, 2 nafar o`g`il va 7 nafar qizlarimizni oilali, uyli-joyli qilib, yurtimizga xizmat qiladigan komil inson qilib voyaga etkazdik. 55 nafar nevaram, 17 nafar chevaram bor, bundan 8 yil oldin 2011 yil avval turmush o`rtog`im, keyin ikkala o`g`illarim kasalligi tufayli bu olamdan o`tib ketishdi, ko`rgulik ekan,ollohga shukronalar aytib o`tiribman, 6 nafar qizlarim turmush qurib ketishgan, o`z oilalari bor, – deydi Farg`ona viloyati Bog`dod tumani “Nurafshon” mahallasida yashovchi, 90 yoshli Turg`unoy ona Ahmedova. –Hozirgi kunda 2-guruh nogiron qizim bilan umrguzaronlik qilmoqdaman.Xalqimiz saxovatli, qiynalganga qo`lidan kelganicha yordam beradigan xalqdir. Qiynalib qolganimda qo`ni-qo`shnilarim, avvalo mahalla faollari, profilaktika inspektori, xotin-qizlar masalasi bo`yicha inspektorlar doimo mening holimdan xabar olishib, yordam berishadi. Sizlarga ham rahmat, poytaxtimizdan kelib, mening xonadonimdan xabar olish uchun vaqt ajratganlaringiz uchun o`z minnatdorligimni bildiraman.Sizlarning yurt tinchligini saqlashda amalga oshirayotgan ishlaringizda zafarlar tilab qolaman.

– Turmush o`rtog`im, marhum Vahob Qodirov ham uzoq yillar ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda xizmat qilgan. Bir o`g`il va uch qizni tarbiyalab voyaga etkazdik. O`g`lim marhum Abduvohid Qodirov ham ichki ishlar organlarida uzoq yillar turli lavozimlarda xizmat qilgan, – deydi Toshkent viloyati Piskent tumani Alisher Navoiy nomli mahallada yashovchi, 89 yoshli Gulfiya Qodirova. – Avvalo, tuman ichki ishlar organlari xodimlariga va Faxriylar kengashiga doimo mening xolimdan xabar olib turganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman. Menga nogironlik aravacha olib berishdi. Vaqt o`z ta`sirini o`tkazmay qo`ymas ekan, mana bugun keksalik gashtini surayapman,uch qizim navbat bilan menga qarashadi. Lekin bugungi quvonchimni qanday tasvirlab berishga ham ojizman. Eshigimdan IIV Malaka oshirish instituti xodimlari kirib kelib, “Sizdan xabar olgani keldik” degan so`zlari meni yanada quvvatlantirib yubordi. Bunday mehridaryo insonlar doimo bor bo`lsin. Ularni doimo “umrlari uzoq bo`lib yurt tinchligi va osoyishtaligini ta`minlashda Yaratganning o`zi qo`llab yurishlarini hamda mening yoshimga etganlarida ham el ardog`ida bo`lishlarini so`rab, duo qilaman”.

– Uyimda 3 nafar qizim bilan o`tirganimda bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari kirib kelishdi. Ularning bizning xolimizdan xabar olish uchun Toshkent shahridan kelganliklarini eshitib xursand bo`ldik, –deydi Andijon viloyati Paxtaobod tumani “Ovushka” mahallasida yashovchi, kam ta`minlangan oila vakili Omadxon Agzamova.– Turmush o`rtog`im erta vafot etgan, yolg`iz o`zim qizlarimni oq yuvib, oq tarab voyaga etkazyapman, ularning ikki nafari hali voyaga etmagan. Qiynalib qolganimda mahalladoshlarim, yaqin qarindoshlarim, qo`ni-qo`shnilarim qarashmoqda, mahalla raisi va profilaktika inspektori katta qizimga o`z mutaxassisligi bo`yicha ish topib berishdi. Bundan tashqari, uyimizning tomidan kuz-qish kunlari chakki o`tar edi,ular ustalarni chaqirtirib uyimizning tomini, ichki va tashqi devorlarini ta`mirlash ishlariga bosh-qosh bo`lishdi.Qo`shni Qirg`iziston bilan chegaradosh bo`lgan bizning mahallamizga oilamdan xabar olish kelgan ichki ishlar organlari xodimlariga, Ichki ishlar vazirligi va Malaka oshirish instituti rahbariyatiga o`z minnatdorligimni bildiraman.

Ta`lim muassasasi xodimlari, shuningdek Farg`ona viloyati Rishton tumani “Dorul-omon” mahallasida yashovchi, 1-guruh nogironi, 86 yoshli Kimyoxon aya Raximova, Bog`dod tumani “Nurafshon” mahallasida yashovchi, kam ta`minlangan oila Zamira Tojieva, Chirchiq shahar “G`alaba” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1-guruh nogironi Nishon Fozilov, “Bekobod” mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Solijon Ubaydullaev, Andijon viloyati Xo`jaobod tumani “Faqirqishloq” mahallasida yashovchi, 1-guruh nogironi, 1954 yilda tug`ilgan Ma`rufjon Alimovlarning ham holidan xabar olishdi.

Bundan tashqari, Institut professor-o`qituvchilari ushbu oliyjanob ishlarga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko`rsatayotgan har bir xodimning hissa qo`shishi kelajakda sohani xalqparvar tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlarida ham tushuntirib bermoqdalar. Zero, Davlatimiz Rahbari ta`kidlanganlaridek, qaerdaki saxovat va mehru-muruvvat ko`p bo`lsa, ana shu joyda fayzu-baraka quloch yozadi.

IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va targ`ibot tadbirlari hamda kam ta`minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg`iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar