Davlat pensiya ta`minotida olib borilayotgan islohotlar aholini munosib hayot darajasi va sifatini ta`minlashda muhim o`rin tutmoqda. Shu ma`noda bu boradagi o`zgarishlar bilan tanishish maqsadida Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasining ijro etuvchi apparati bo`lim boshlig`i o`rinbosari Farrux SULAYMONOV bilan bog`landik...
— Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi tomonidan fuqarolarga pensiya va nafaqalarni o`z vaqtida hamda manzilli etkazilishi yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, amaldagi normativ-hujjatlarga muvofiq pensiya va nafaqalar to`lovi uchun qaydnoma (vedomost)lar AT “Xalq banki”ga oyning 4-sanasida hamda bank plastik kartalari orqali oluvchilar bo`yicha tijorat banklariga oyning 8-sanasida taqdim etilishi, shuningdek to`lovlar uchun mablag`lar har oyning 27-sanasiga qadar moliyalashtirilishi belgilangan.
Pensiya jamg`armasi tizimiga axborot texnologiyalarni qo`llanilishi natijasida ushbu jarayonlarda inson omili kamaytirilib, to`lovlarni muddatidan avval etkazishga imkoniyat yaratilmoqda.
Xususan, bugungi kunda pensiya va nafaqa to`lovlari uchun qaydnomalar har oyning 1-2 sanasiga qadar elektron shaklda AT “Xalq banki” va tijorat banklariga etkazilmoqda. Bundan tashqari, to`lovlar uchun zarur mablag`lar Pensiya jamg`armasi tomonidan har oyning 13-14 sanasiga qadar to`liq moliyalashtirilmoqda.
Buning natijasida, pensiya va nafaqalarni bank plastik kartalari orqali oluvchilarga mablag`lar to`lov oyining birinchi ish kunida yuklab berilayotgan bo`lsa, naqd pul shaklida oluvchilarning asosiy qismiga to`lovlar oyning 20 sanasiga qadar etkazilishi ta`minlanmoqda.






