O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasiga turfa taqdirga ega, turli o`y-niyatdagi insonlar, asosan, ayollar najot izlab kelishadi. Qo`mita matbuot xizmati yana bir ana shunday nochor va xasta ayolning taqdiri haqida ma`lum qildi.
Yaqinda qo`mita xodimi Feruza Oripova ikki haftalar muqaddam bo`lib o`tgan ana shunday voqea haqida hikoya qilib berdi.
“Tonggi soat 7 lar atrofida ishga shoshib turgandim, birdan telefonim jiringladi. Psixolog Shoira Isoqova ekan, xavotir bilan so`z boshladi:
— Feruza, uzr sizni bezovta qildim, ishga shoshayotgandirsiz... Menga ham hozir tanishlarim qo`ng`iroq qilib, “Shoira opa, biz yashayotgan uy yaqinidagi chiqindixonada bir ayol 1-2 yoshlar atrofidagi bola bilan yashayapti. Bola tinimsiz yig`laydi, ona esa “Qashqadaryolikman, davolanishim kerak, bolani detdomga topshiraman” deydi, nima qilsak ekan shu bo`yicha?” deb so`rashyapti. Shuning uchun darrov sizga telefon qildim.
— Shoira opa, o`shalarga ayting, bizning 1146 raqamli “Ishonch telefoni”mizga chiqib, voqea haqida batafsil ma`lumot berishsin. Ona-bola hali ham chiqindixonada bo`lsa, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasiga zudlik bilan yuborishsin, — dedim men Shoira opaga va xayolimdan “Qaysidir qiynalgan ayol Toshkentga kelib, davolanmoqchi bo`lsa, imkon topolmadimikin yoki o`zi asl maqsadi bolasini Mehribonlik uyiga topshirishmikin? Unday bo`lsa, nega shuncha vaqtdan buyon chiqindixonada yashab yurgan ekan-a?” degan fikrlar o`tdi.
O`sha kuni soat 10 lar atrofida Qo`mitada davom etayotgan qabul payti Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo`limi boshlig`i Ozoda Islomovaning qabuliga o`zini “qashqadaryolikman”, deya tanishtirgan ayol qo`lida kichkina bola bilan kirib keldi. Suhbat jarayonida ayolning o`zini tutishi, bolaga nisbatan o`ta sovuqqon ekanligi va yoshi kattaligi, bolani avvaliga o`z farzandim deb tanishtirib, keyin esa birovning bolasi deyishi, savollarga uzuq-yuluq javoblar berishi Ozodaxonda shubha uyg`otadi. U vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga qo`ng`iroq qilib, ayol haqida ma`lumot so`raydi.
Ma`lum bo`lishicha, bu ayol aslida ruhiy kasal bo`lib, haqiqatan ham bola uniki emas ekan. Ayol singlisining farzandini o`g`rilab kelgan bo`lib, bechora ota-ona 2 kundan buyon bolasini qidirayotgan, hatto uni topish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi ham “oyoqqa turgan” ekan. Bolakayning onasi esa xavotir va qo`rquvdan ahvoli yomonlashgani ma`lum bo`ldi.
Shu kuni Qashqadaryo viloyati xotin-qizlar qo`mitasi raisi tezkor chora ko`rib, ayol va bola uchun mashina yubordi. Bolakay onasining qo`liga sog`-omon topshirildi. Xasta ayol esa davolanishi uchun shifoxonaga yotqizildi”.
Chindan ham, loqaydlik insoniyatni jaholatga etaklaydi, hushyorlik esa tinchlik va xotirjamlikka sabab bo`ladi. Agar ayolni o`sha chiqindixonada ko`rganlar xabar bermaganida, ularni ancha vaqt boqishmaganida, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasiga kuzatib yuborishmaganida, qandaydir salbiy voqea sodir bo`lishi mumkin edi-ku. Psixolog Shoira Isoqova, qo`mita xodimlari Feruza Oripova hamda Ozoda Islomovaning vaziyatni to`g`ri baholab, o`z vazifasiga mas`uliyat bilan yondashishgani bois balki yuz berishi muqarrar bo`lgan bir fojianing oldi olinib, hammasi yaxshilik bilan yakunlangandir?!
Hammamiz hamisha ana shunday hushyor bo`laylik.






