Yoxud 39 yoshli fuqaroga jazo tayinlanishini so`ragan MChJ xodimining o`zi aybdor bo`lib chiqdi va 10 mln. so`m ma`naviy zarar to`laydigan bo`ldi...
AYBLOV XULOSASI...
2019 yil 21 yanvar kuni kechki payt MChJda ishlaydigan 28 yoshli elektr-montyor Marg`ilon shahar Zuhro mahallasi xududida foydalanishga topshirilgan ko`p qavatli uydagi xonadonlar egalaridan jamiyat tomonidan bajarilgan elektr-montaj ishlari sifati haqida tilxat olishga boradi. Erto`la eshigi oldida o`sha xonadonda yashovchi 39 yoshli fuqaro elektr-montaj ishlari sifatsiz bajarilganini aytib, e`tiroz bildiradi. O`zaro janjallashib, elektr-montyorning ko`kragidan ita- rib yuboradi. Natijada u yiqilib, bosh qismidan tan jarohati olgan. Fuqaro esa xonadoniga kirib ketgan.
EKSPERTIZA XULOSASI
Marg`ilon sud-tibbiy ekspertiza byurosining 24 yanvardagi va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Farg`ona filialining 17 apreldagi qo`shimcha ekspert xulosasida tan jarohati qattiq o`tmas jism ta`sirida etkazilgan bo`lishi mumkinligi va aniqlangan tan jarohatlari 6 kundan ortiq 21 kundan ko`p bo`lmagan muddat ichida o`tib ketadigan engil shikastlar toifasiga kirishi ko`rsatilgan. Shunga ko`ra, fuqaroga JK 109-moddasining 2-qismi bilan ayb e`lon qilinib, sudga berilgan.
"DASTLABKI TERGOV QONUN TALABLARIGA ZID O`TGAN"
Mansurbek IBRAGIMOV,jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilonshahar sudi raisi:
— Dastlab ki tergov organi tomonidan qonun talablariga rioya qilinmay, ishdagi barcha holatlarni sinchkovlik bilan har tomonlama, xolisona ko`rib chiqilmagan. Har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanmagan.
Elektr-montyor dastlabki tergovda va sudda turlicha ko`rsatmalar bergan.
"ShERIGI BILAN URIB-DO`PPOSLADI"
Fuqaro dastlabki tergov va sudda quyidagicha ko`rsatma berdi...
— 15 yilga kredit asosida uy sotib oldim. Quruvchi bilan rasmiylashtirilgan shartnoma shartlariga ko`ra, u xonadonimni ta`mirlab berishi shart edi, ta`mirlamadi. Xonadonim 1-qavatda bo`lgani uchun erto`lani ham sotib olganman. Quruvchiga pod`ezddagi elektr simlari chiqib yotgani uchun bir necha marotaba ta`mirlab berishlarini aytganman. Shu tariqa quruvchi bilan o`rtamizda ziddiyat paydo bo`lgan. 21 yanvar da erto`lamda futbol tomosha qilayotganimda erto`la eshigi taqilladi. Ochsam, MChJning elektr-montyori turibdi.
— Imzo qo`yib bering,deya qog`oz tutqazdi.
Qanday qog`oz? Nima uchun imzo qo`yaman? – deb so`raganimni bilaman, do`q urdi.
Imzo qo`ymayman. Barcha ta`mirlash ishlarini o`zim bajardim-ku, – dedim.
Tinch yashashni xohlasang, imzo qo`y, – deya do`q urishda davom etdi. Og`zaki janjallashdik.
Ovozimizni eshitib, xonadondan xotinim chiqib keldi. Elektr-montyor bizni haqorat qilib, tashqariga chiqib ketdi. Biroz vaqt o`tgach, elektr o`chib qoldi.
Faqat bizning uyda elektr o`chdi. Mashinamiz oldida elektr-montyor turibdi, – dedi xotinim. Tashqariga chiqsam, elektr-montyor sherigi bilan meni urib-do`pposladi. Fuqaro va elektr-montyorning ko`rsatmalarida jiddiy qarama-qarshiliklar bo`lib, bu holat surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari vaqtida bartaraf qilinmagan. Hodisa joyini ko`zdan kechirishda ish uchun ahamiyatli biror-bir ashyo olinmagan. Vaholanki, elektr-montyor boshidan qon oqqanini aytgan. IIB xodimi esa voqea joyida qonga o`xshash dog`lar borligini bayon qilgan. Sudda tergov organining kamchiliklari JPK 414–417-moddalari talabi asosida bartaraf qilindi. Biroq, har bir holat sinchkovlik bilan, har tomonlama, xolis o`rganilishi natijasida shaxsning aybini isbotlovchi dalillarni to`plash imkoni bo`lmadi.
Bundan tashqari, MChJning vakili MChJ manfaatini ko`zlab, qanday bo`lmasin, xonadon egalaridan tilxat olishga erishish maqsadida har qanday usuldan foydalanishi mumkinligi tanqidiy nuqtai nazarda o`rganib chiqilmagan.
Elektr-montyorning tanasida tan jarohati borligini tasdiqlovchi ekspert xulosasi muqarrar dalil hisoblanmaydi. Fuqaroni aybli deb to- pish taxminga asoslangan bo`ladi va bu qonunga zid qaror hisoblanadi.
Mansurbek IBRAGIMOV,jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilonshahar sudi raisi:
39 yoshli fuqaro JK 109-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatning sodir etilishida aybsiz deb e`tirof etildi va oqlandi. Elektr-montyor JKning tegishli moddasi bilan aybli deb topildi. JKning 57-moddasini qo`llab, kech soat 18:00 dan erta soat 9:00 gacha yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
29 yoshli sherik ham JKning tegishli moddasi bilan aybli deb topildi. JKning 57-moddasini qo`llab, kech soat 18:00 dan erta soat 9:00 gacha yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Elektr-montyor va uning sherigidan 39 yoshli fuqaroga 10.000.000 so`m ma`naviy zarar undirib berilishi belgilandi. Tegishli mansabdor shaxslarning e`tiborini surishtiruv va dastlabki tergov o`tkazishda yo`l qo`yilgan kamchiliklarga jalb qilish to`g`risida xususiy ajrim chiqarildi.
Sadoqat ALLABERGANOVA






