AsosiyJamiyat

Saylovda xorijdagi o`zbekistonliklar ham ovoz beradi

'Saylovda xorijdagi o`zbekistonliklar ham ovoz beradi'ning rasmi

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi

Markaziy saylov komissiyasi raisining o`rinbosari Mahmud Istamov ta`kidlashicha,, joriy yildagi saylovlarda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratiladi. Avvallari ushbu siyosiy tadbirda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasmiy ro`yxatdan o`tgan o`zbekistonliklar o`zlarining konstitusiyaviy huquqlaridan foydalanar edi. Endi esa chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan O`zbekiston fuqarolari ham xorijda tashkil etilgan saylov uchastkalariga murojaat etadi yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sahifasidan ro`yxatdan o`tib, saylovlarda ovoz berishi mumkin.

Xorijda vaqtincha va doimiy yashayotgan O`zbekiston fuqarolari 2019 yil 22 dekabr kuni bo`lib o`tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga oid savollariga Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahridagi +998555024444 raqamli ishonch telefoni orqali javob olishi mumkin.

Shuningdek, ular “Saylov2019” mobil ilovasidan ham o`zlarini qiziqtirgan ma`lumotlarni olish imkoniga ega.

Ma`lumot uchun: Saylov kodeksining 10-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuziladi va ularni okrugga biriktirish to`g`risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi. Bunday saylov uchastkalari O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.

Ushbu saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko`pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tashkil etiladi.

Ma`lumot o`rnida aytish joiz, hozirgi kunda Xitoy Xalq Respublikasida 845 ga yaqin O`zbekiston fuqarosi istiqomat qilmoqda. Mazkur davlatdagi saylov uchastkalari soni 2 tani tashkil etadi. Ular Pekin (708) va Shanxay (137) shaharlarida joylashgan.

 

Boshqa yangiliklar