Pokistonning Panjob provinsiyasida harakatlanayotgan poezdda yuz bergan yong`inda halok bo`lganlar soni 62 kishini tashkil qildi.
Poezd Karachi-Ravalpindi yo`nalishida harakatlanayotgan bo`lgan. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, yong`in taom tayyorlash uchun ishlatiladigan gaz ballon uskunasi portlashi oqibatida yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, alanga uchta vagonni qoplab olgan.
Temiryo`llari vaziri Shayx Rashidning ma`lum qilishicha, aksariyat odamlar yonayotgan poezddan sakrashi oqibatida halok bo`lgan.
Hozircha halok bo`lganlarning bir qisminigina shaxsini aniqlashning imkoni bo`ldi. Shifokorlarning aytishicha, ayrim halok bo`lganlarning kuyish jarohatlari shu qadar kuchliki, ularning shaxsini aniqlash qiyin kechmoqda.
Hodisaning boshqa sabablari aniqlanmoqda. Temiryo`l harakatini tiklash bo`yicha ishlar olib borilmoqda.






