Bugun, 30 oktyabr kuni Boku shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stliga a`zo mamlakatlar mudofaa vazirlari kengashining 77-sammiti bo`lib o`tdi.
Unda Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu, Ozarbayjon mudofaa vaziri general-polkovnik Zakir Gasanov, O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahdodir Qurbonov,Belarus Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Andrey Ravkov, Qozog`iston mudofaa vaziri general-mayor Nurlan Ermekbaev, Tojikiston mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo, Qirg`iziston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Rayimberdi Duyshenbiev, MDH ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Asosiy yig`ilish oldidan mudofaa vazirlari Boku shahridagi “Shahidlar maydoni”da bo`lib, “Mangu olov” monumenti poyiga gulchambar qo`ydi va mamlakat hududiy yaxlitligi yo`lida jon fido qilgan ozar harbiy xizmatchilariga hurmat bajo keltirdi.
MDHga a`zo davlatlar mudofaa vazirlarining kengashida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev ham ishtirok etdi.
Sammit kun tartibidan MDH davlatlarining 2025 yilgacha harbiy sohadagi hamkorligi konsepsiyasi, radiasiya, kimyoviy va biologik sohalarda qo`shma monitoring va vaziyatni baholashga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, vazirlar “Xalqaro armiya o`yinlari – 2019” natijalarini sarhisob qilib, MDH harbiy kuchlari uchun ofiser kadrlar tayyorlash hamda “Ilmning boshlanishi” xalqaro ilmiy g`oyalar festivalini o`tkazishni muhokama qildilar. Ikkinchi jahon urushida erishilgan g`alabaning 75 yilligini nishonlashga bag`ishlangan alohida suhbat bo`lib o`tdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






