Energiya resurslari, ichimlik suvi, maishiy chiqindi bo`yicha Yunusobod tuman Shahriston MFY aholisidan qarzdorliklarni undirish, qonun buzilish holatlarini aniqlash, to`lovlarning o`z vaqtida to`lanishini nazorat qilish Majburiy ijro byurosi Yunusobod tuman bo`limi davlat inspektori S.G`anievning zimmasida.
Shu mahallada 700-750 abonent (oila, fuqaro) istiqomat qiladi. Xonadonma-xonadon yurib, kimning qanday sharoitda yashashini ko`radi. Haqiqatan nochor insonlar borligiga shu sabab ham yillar davomida gaz, elektr, energiyasiga pul to`lolmay kelayotganligiga amin bo`lib shunday so`zlab berdi: Sho`rob ko`chasida yashovchi ehtiyojmand B.Abdullaxujaeva elektr energiyasidan bo`lgan 1 mln. 78 ming so`mlik qarzi ham homiylar ko`magi bilan qoplab berildi
Yana bir misol, Shahriston ko`chasidagi uylarning birida yashayotgan onaxon 2 guruh nogironi, boquvchisi yo`q. U 1 mln. 600 ming so`m gazdan bo`lgan qarzdorlikni qanday to`laydi? O`ziga to`q xonadon sohibiga bu haqda aytilganda onaxonning qarzlarini to`lab berdi.
Konibodom ko`chasida istiqomat qiluvchi yana bir onaxonning esa ko`zlari ojiz, nogiron o`g`li va kasalmand nabirasi bilan birga yashaydi. Ularning ham gazdan 1 mln. 630 ming so`m qarzdorligi bor edi. Saxovatpesha bir tadbirkorga vaziyatni tushuntirildi. Ertasi kuni shu tadbirkor butun qarzdorlikni qoplaydigan mablag` qoldirdi. Buni ko`rgan onaxon chin yurakdan uzoq duo qildi. Mahalladagi sahovatpesha homiylarning ko`magi bilan yana bir 2-guruh nogironi bo`lmish fuqaroning gazdan 400 ming so`mlik, yana bir kam ta`minlangan oilaning 1 mln. 500 ming so`mlik to`lovlari to`lab berildi.
Shunday oilalar borki, ularning yig`ilib qolgan qarzlarini qo`ni-qo`shnisi ham to`lashga ko`maklashmaydi. Ayrimlar “Homiylar topaversangiz odamlar boqimanda bo`lib qoladi” deyishadi. Ammo haqiqatan nochor insonni ko`rganda na o`zi birovga yordam beradigan, na boshqani yaxshilik qilishga qo`yadigan odamlarning falsafasi ahamiyatsiz ekanligini anglaysiz.
Homiylarning hammasini ham badavlat deb o`ylamang. Homiy deb atayotganlarimiz orasida siz-u bizdek oddiy odamlar ham bor.
Gap shundaki, ular birovning dardi, og`ir sharoitiga befarq emas. Ko`zi ojiz yoki to`shakka mixlanib qolgan yakka yolg`izlar bor. Hozir esa gaz, svetdan bo`ynigacha qarzga botib, endi uyda suvsiz, chiroqsiz o`tirganlar haqida eshitganda ular “Men ham yordam beray” deyishadi.
Shu o`rinda mulohazaga chorlaydigan savol tug`iladi. Kam ta`minlangan oilalarning qarzdorliklarini homiylar yordamida qoplatish aslida MIB davlat inspektori uchun majburiy emas. Biroq shunday davlat inspektorlari borki, ular o`z ishini sevadi, odamlarning mushkulini oson qilish, chigal vaziyatga oqilona echim topishda boshqalarga o`rnak bo`lishadi. Aslida qonun hamma uchun barobar Energiya resusrlaridan foydalandingizmi haqini to`lashingiz kerak. Kam ta`minlangan oilalarga Byuro tomonidan imtiyozlar nazarda tutilmagan.
Biroq, MIB kam ta`minlanganlarning xonadonini tarmoqdan uzishdan ko`ra, mahalla faollari va saxovatpesha homiylarga vaziyatni tushuntirib, homiylar yordamida kommunal qarzdorliklarni to`lashga ko`maklashish tadbirlarini tashkil qilmoqda.






