2019 yilning dastlabki to`qqiz oyida O`zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 361,85 trillion so`mni tashkil qilgan. Bu haqda Davlat statistika qo`mitasining hisobotida ma`lum qilingan.
Hisobotga ko`ra, aholi jon boshiga to`g`ri keladigan YaIM 10,8 million so`mni tashkil qilgan bo`lib, bu ko`rsatkich o`tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foizga o`sgan.
2018 yilning mos davri bilan solishtirganda YaIM tarkibida qishloq, o`rmon va baliq xo`jaligining ulushi 31,3 foizdan 28 foizga hamda xizmatlar sohasi ulushi 36,8 foizdan 35,9 foizga kamaygan. Sanoatning ulushi 25,4 foizdan 29,2 foizga, qurilish esa 6,5 foizdan 6,9 foizga o`sgan.
Hisobotda qayd etilishicha, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo`shilgan qiymat hajmi YaIM umumiy hajmining 90,9 foizini tashkil etgan va o`tgan yilga nisbatan 5,7 foizga o`sgan.






