AsosiyJamiyat

XDPning “O`zimizni ham, bolalarni ham aldamaylik” maqolasiga Namangandan javob bor!

'XDPning  “O`zimizni ham, bolalarni ham aldamaylik” maqolasiga Namangandan javob bor!'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq demokratik partiyasi tomonidan, xususan, partiyaning Pop tumani Kengashidagi guruhi rahbari e`lon qilgan “XDP: “O`zimizni ham, bolalarni ham aldamaylik” sarlavhali maqola Namangan viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan e`tiborga olindi. 

Ro`yi rost aytadigan bo`lsak, sohamiz muammo va kamchiliklardan, hal etilishi g`oyat muhim va zarur bo`lgan masalalardan holi emas. Ammo shunga qaramasdan bor imkoniyatlardan samarali foydalangan holda o`quvchilarga zamon talablari darajasida mukammal bilim berish, ta`lim sifati va samaradorlikni oshirishga astoydil harakat qilinmoqda.

Yosh avlod hayoti va kamoli, ularni aqlan etuk, ma`nan yuksak, jismonan barkamol ulg`aytirish, ulardagi iqtidor va qobiliyatlarni aniqlash va yuzaga chiqarishga qaratilgan Prezidentimizning besh muhim tashabbusi ham yoshlar hayoti va kamoli borasida ijobiylik sari muhim qadamlardan biri bo`ldi.

Besh tashabbus asosida viloyatning barcha hududlarida, xususan, Pop tumanida ham muntazam ravishda amaliy ishlar, sa`y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Besh muhim tashabbus ijrosiga qaratilgan odimlar natijasida to`garaklar faoliyati jonlantirilib, ular soni va salmog`i, qamrovi ham ortdi.

XDP tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilgan chiqishga e`tibor qaratadigan bo`lsak, unda o`rinli va asosli muammolar, hal qilinishi lozim bo`lgan masalalar o`z aksini topgan.

Hozirda tumanda jami 71 ta umumta`lim maktabi, 2 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati mavjud bo`lib, jami 73 ta ta`lim muassasasining 49 tasida sport zallari mavjud. Ularda jismoniy tarbiya darslarini namunali va mukammal tashkil etish barobarida o`quvchilarni sportga keng jalb qilish, jismonan barkamol ulg`aytirish maqsadida har birida sport to`garaklari va mashg`ulotlari  muntazam va izchil yo`lga qo`yilgan. 

O`z navbatida, 24 ta umumta`lim maktabida, ya`ni tumandagi umumta`lim muassasalarining 32,8 foizida  sport zallari mavjud emas. XDP orqali qayd etilgan 40- hamda 57-sonli umumta`lim maktablari ham shular jumlasidan. 

Ta`lim sohasidagi islohotlar jarayonida tizimdagi muammolarni hal etish, kelajagimiz egalari uchun munosib va qulay shart-sharoitlar yaratib berishga yuksak darajada e`tibor qaratilmoqda. Davlat investisiya dasturlari, “Obod qishloq”, “Obod markaz” singari dasturlar asosida amalga oshirilayotgan keng ko`lamdagi bunyodkorlik ishlari shundan dalolat beradi. Tabiiyki, umumta`lim muassasalarini bugungi taraqqiyot asri talablari darajasiga keltirish, ularda etarli darajada fan va labaratoriya xonalari, shu jumladan, zamonaviy sport zali bo`lishiga erishish davlat byudjetidanajratiladigan  mablag`lar bilan bog`liq.

Xususan, yuqoridagi har ikki maktabni ham davlat dasturiga kirtishga takliflar berilgan. Davlat dasturiga sport zallarini qurish uchun2017 yildan buyon buyurtmalar olinmagan.

Kelajak kamoli yo`lida davlatimiz tomonidan bor imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, tumandagi 40-sonli umumta`lim maktabi joriy 2019 yilda “Obod markaz” dasturi bo`yicha 2 mlrd. so`m mablag` evaziga mukammal ta`mirdan chiqarildi. Maktab 420 o`rinli bo`lib hozirda 567 nafar o`quvchilar ta`lim tarbiya olmoqdalar.

Tumandagi 57-sonli umumta`lim maktabi 2018 yil Davlat investisiya dasturi bo`yicha 950 mln. so`m mablag` hisobiga mukammal ta`mirdan chiqarilgan. Maktab 360 o`rinli bo`lib hozirda 462 nafar o`quvchilar ta`lim- tarbiya olmoqdalar. 57-sonli umumta`lim maktabidagi laboratoriya jihozlari Namangan viloyati Ta`lim ta`minot davlat unitar korxonasi tomonidan etkazib berilishi ko`zda tutilgan. 

57-sonli umumta`lim maktabida xozirgi kunda 2 ta kompyuter sinfi mavjud bo`lib, birinchi kompyuter sinfiga haqiqatdan ham 2004 yilda 10 dona berilgan, 2019 yilda ushbu maktabning kompyuter sinfi eng yangi, zamonaviy13 dona kompyuter texnikasi, kondisioner va interfaol doska  bilan jihozlandi.

Tumandagi 4-sonli umumta`lim maktabi 2005 yil investisiya dasturi asosida joriy ta`mirlangan bo`lib, 1180 o`rinli. Maktabning bir qavatli binosi Viloyat GASNM boshqarmasining xulosasiga asosan yaroqsiz deb topilgan. 2 qavatli binosini isitish tizimi 2019 yil 45 mln. so`m mablag` evaziga ta`mirdan chiqarilgan

Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi kelajagimiz egalari kamoliga, farzandlarimizni har jihatdan ertangi kunga munosib ulg`aytirishga mas`ul hamda barcha sa`y-harakatlar ushbu ezgu maqsadga qaratilmoqda. 

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgani kabi dolzarb masalalar, muammolar viloyat xalq ta`limi boshqarmasining doimiy e`tiborida bo`ladi. Ularni hal etish yuzasidan Xalq ta`limi vazirligi va mahalliy hokimliklar orqali tegishli chora-tadbirlar ko`rib borilishini ma`lum qilamiz.

 

    Boshqa yangiliklar